Turizm qishlog‘i sari yangi qadam
Buxoro tumani hududida joylashgan, tarixiy va ziyorat turizmi nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “Chor Bakr” majmuasi atrofida turizmni yanada rivojlantirishga qaratilgan izchil ishlar davom etmoqda. Xususan, “Chor Bakr” qishlog‘iga “turizm qishlog‘i” maqomini berish yuzasidan navbatdagi monitoring ishlari amalga oshirilib, hududning imkoniyat va salohiyati atroflicha o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida qishloqning mavjud infratuzilmasi, turistik xizmatlar sifati hamda sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar har tomonlama tahlil qilindi. Jumladan, qishloqqa kirish qismida o‘rnatilgan ramziy stella hududning turistik maqomini ifodalovchi muhim belgi sifatida e’tiborga molik. U nafaqat estetik jihatdan jozibador, balki tashrif buyuruvchilar uchun yo‘nalish beruvchi amaliy ahamiyatga ham ega.

Shuningdek, hududda tashkil etilgan oilaviy mehmon uylarining holati, ularda ko‘rsatilayotgan xizmatlar darajasi ham o‘rganildi. Milliy ruhni o‘zida mujassam etgan restoran va oshxonalar tashkil etish, shuningdek, hunarmandchilik mahsulotlari savdosi uchun maxsus rastalar barpo etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu esa nafaqat sayyohlarga qulaylik yaratadi, balki mahalliy aholining daromad manbalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Sayyohlar uchun yanada qulay muhit yaratish maqsadida hududda zamonaviy yo‘l ko‘rsatkichlar, piyodalar yo‘laklari va ko‘cha yoritish tizimlari o‘rnatilgani ham alohida ahamiyatga ega. Bu kabi infratuzilmaviy yangilanishlar hududning turistik jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Monitoring natijalariga ko‘ra, “Chor Bakr” qishlog‘ining turizm salohiyati yuqori ekani, mavjud infratuzilma va xizmatlar esa bosqichma-bosqich talab darajasiga mos ravishda shakllanib borayotgani qayd etildi. Shu asosda, ushbu hududga kelgusida “turizm qishlog‘i” maqomini berish bo‘yicha ijobiy xulosa bildirildi.


Mazkur tashabbus amalga oshirilishi orqali hududga sayyohlar oqimini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi farovonligini oshirish imkoniyati yanada kengayadi. Eng muhimi, bu kabi loyihalar milliy merosimizni asrab-avaylash va uni keng targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.