Buxoroda turizm qishloqlari ko‘payadi
Buxoro azaldan ilm-fan, ma’rifat va muqaddas ziyorat maskanlari bilan butun dunyoga mashhur bo‘lgan qadimiy shaharlardan biri. Bu tabarruk zaminda har bir qishloq, har bir qadamjo o‘zida asrlar nafasi, milliy qadriyatlar va boy madaniy merosni mujassam etgan. Bugungi kunda mamlakatimizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, ayniqsa ziyorat turizmini yangi bosqichga olib chiqish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda Respublika ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Xo‘ja Orif hamda Buxoro tumanidagi Chor Bakr mahallalari hududida joylashgan tarixiy qishloqlarda o‘rganish ishlari olib borildi. Ushbu o‘rganishlar mazkur hududlarga “turizm qishlog‘i” maqomini berish yuzasidan belgilangan mezonlar asosida amalga oshirildi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan qishloqlarda turistlarni qabul qilish imkoniyatlari, infratuzilma holati va xizmatlar sifati atroflicha tahlil qilindi. Xususan, qishloqlarga kirish qismidagi stellalar va tashqi bezaklar, yo‘llar holati, yo‘l ko‘rsatkich belgilarining joylashtirilishi, sanitariya va obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, mehmonxona, oilaviy mehmon uylari va xostellar faoliyati, milliy taomlar tayyorlanadigan ovqatlanish shoxobchalari, sayyohlar uchun tashkil etiladigan madaniy dasturlar, hudud xavfsizligi, tibbiy xizmatlar hamda turistlarga xizmat ko‘rsatish madaniyati o‘rganildi.
Mahalliy hunarmandlar, kulollar, naqqoshlar, zardo‘zlar va kichik tadbirkorlarning faoliyati ham ishchi guruh e’tiboridan chetda qolmadi. Chunki “turizm qishlog‘i” maqomi nafaqat tarixiy ob’ektlar, balki milliy muhit, urf-odat va xalqning turmush tarzi bilan ham bevosita bog‘liq hisoblanadi.
Shofirkon tumanidagi “Xo‘ja Orif” qishlog‘i Buxoro vohasining qadimiy va fayzli maskanlaridan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Bu hudud asrlar davomida ma’naviyat, ilm va tasavvuf muhiti shakllangan qadamjolardan biri sifatida e’zozlanib kelinadi.
Qishloqning tabiiy muhiti, sokin va osoyishta hayoti, milliy qadriyatlar asrab qolingan xonadonlari sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otadi. Ayniqsa, mahalliy aholining mehmondo‘stligi, qadimiy urf-odatlarga sodiqligi va milliy an’analarni avloddan-avlodga yetkazib kelayotgani ushbu hududning o‘ziga xos jozibasini yanada oshiradi.
“Xo‘ja Orif” qishlog‘idagi ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolar nafaqat mahalliy aholi, balki xorijiy sayyohlar uchun ham ma’naviy ahamiyatga ega. Qishloqda milliy me’morchilik uslubida qurilgan uylar, qadimiy ko‘chalar va an’anaviy muhit Buxoroning haqiqiy qishloq turizmi imkoniyatlarini namoyon etadi.

Bu yerda kelgusida etnoturizm, ziyorat turizmi va oilaviy mehmon uylari faoliyatini yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Buxoro tumanidagi Chor Bakr qishlog‘i esa butun musulmon olamida mashhur bo‘lgan tarixiy va diniy majmuasi bilan alohida o‘rin tutadi. Ushbu hududda joylashgan “Chor Bakr” memorial majmuasi xalq orasida “Buxoro Madinasi” nomi bilan mashhur.
Majmua XVI asrda barpo etilgan bo‘lib, unda Bakriylar sulolasi vakillari dafn etilgan. Masjid, maqbara, xonaqoh va hovlilardan iborat ushbu tarixiy ansambl milliy me’morchilik san’atining betakror namunasi hisoblanadi.
Chor Bakr qishlog‘iga tashrif buyurgan sayyoh nafaqat tarixiy obidalarni ko‘radi, balki yuksak ma’naviy muhitni ham his etadi. Majmua atrofidagi sokinlik, qadimiy devorlar, hovlilar va yashil hududlar inson qalbiga o‘ziga xos taskin bag‘ishlaydi.
Bu yerda ziyorat turizmi bilan bir qatorda madaniy turizmni rivojlantirish, milliy hunarmandchilik mahsulotlari savdosini kengaytirish va sayyohlarga qo‘shimcha servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari yuqori ekani ta’kidlandi.
O‘rganishlar yakunida Respublika ishchi guruhi tomonidan har ikki qishloqning turistik salohiyati, tarixiy-madaniy ahamiyati, mavjud infratuzilmasi va aholi ishtiroki yuqori baholandi.
Shu asosda Xo‘ja Orif va Chor Bakr qishloqlariga kelgusida “turizm qishlog‘i” maqomini berish bo‘yicha ijobiy xulosa taqdim etildi.
Mazkur maqomning berilishi hududlarda turizm oqimini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, mahalliy aholi daromadlarini ko‘paytirish hamda Buxoroning boy madaniy va ma’naviy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Eng muhimi, bu kabi tashabbuslar orqali qadimiy qishloqlarning betakror tarixi, milliy muhiti va ma’naviy qadriyatlari asrab-avaylanib, kelajak avlodga yetkaziladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri