Navoiyda “Turizm qishlog‘i” yana bittaga ko‘paydi
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida Nurota tumanidagi Kichiksoy qishlog‘iga “Turizm qishlog‘i” maqomi berilishi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Unda viloyat va tuman mutasaddilari, mahalla faollari, qishloq aholisi, turizm sohasi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Navoiy viloyati Nurota tumanidagi Kichiksoy qishlog‘ida turizm sohasini rivojlantirish, mahalliy aholining bandligini ta’minlash hamda qishloqning mavjud sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda Kichiksoyda 20 ta oilaviy mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, sayyohlarga xizmat ko‘rsatishning 15 turdagi qo‘shimcha yo‘nalishi tashkil etilgan. Natijada qishloqdagi 150 nafarga yaqin ishsiz aholi, xususan, xotin-qizlarning doimiy bandligi ta’minlandi.
– Kichiksoyga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun gidlik va ekskursiya xizmatlari, folklor jamoalari chiqishlari, milliy kuy-qo‘shiq va laparlar ijrosi, hunarmandchilik, uy muzeylari hamda gastro-uylar faoliyati tashkil etilgan, – deydi viloyat turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi Hilola Xudoyberdiyeva. – Mehmonlar mahalliy aholining kundalik turmushi va milliy an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Qishloqda sayyohlar uchun ot va eshaklarda sayr qilish, non yopish bo‘yicha mahorat darslarida qatnashish, gilam to‘qish va quroqchilik kabi milliy hunarmandchilik jarayonlarini kuzatish va o‘rganish imkoniyatlari ham yaratilgan. Shuningdek, agroturizm yo‘nalishida sigir va echki sog‘ish kabi an’anaviy qishloq xo‘jaligi yumushlari sayyohlar uchun qiziqarli tajriba sifatida yo‘lga qo‘yilgan.
Mahalliy aholining mehnati bilan tayyorlanadigan echki sutidan qurt va boshqa sut mahsulotlarini sotish ham turizm xizmatlarining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bundan tashqari, sayyohlar uchun basseyn xizmati ham tashkil etilib, qishloqda hordiq chiqarish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilgan.

Kichiksoyda turizmni rivojlantirishning muhim jihatlaridan biri sayyohlarga nafaqat tunash va ovqatlanish, balki mahalliy hayot tarzi, milliy qadriyatlar, hunarmandchilik va an’analarni bevosita his qilish imkoniyatini beruvchi yaxlit turistik tajriba yaratilayotganidir.
Kichiksoy qishlog‘iga “Turizm qishlog‘i” maqomining berilishi Nurota tumanida qishloq turizmini rivojlantirish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini shakllantirish, mahalliy aholining daromad manbalarini kengaytirish va hududning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri