Trend: O‘zbekistonda mashinasozlik 1,5 barobar o‘sdi
Ozarbayjonning “Trend” axborot agentligi O‘zbekiston sanoatidagi o‘sish sur’atlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
Nashr 2026-yil yanvar–iyul oylari mamlakatda 795,4 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilganini qayd etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,9 foiz ko‘p.
Tahlilda mazkur o‘sishda qayta ishlash sanoati asosiy o‘rin tutayotganiga e’tibor qaratilgan. Uning umumiy sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 86,8 foizni tashkil etgan, ishlab chiqarish hajmi esa yillik hisobda 9 foiz oshgan.
Shuningdek, elektr energiyasi, gaz, bug‘ va konditsiyalangan havo ishlab chiqarish hamda yetkazib berish 8,1 foiz, suv ta’minoti, kanalizatsiya va chiqindini boshqarishdagi xizmatlar 8,4 foiz o‘sish qayd etgan.
Maqolada mashina va ularga uskuna ishlab chiqarishdagi natijalar alohida qayd etilgan. Mazkur yo‘nalishda ishlab chiqarish hajmi 2025-yil yanvar–iyul oylariga nisbatan 1,5 barobar ko‘paygan. Teri mahsuloti va unga turdosh mahsulot ishlab chiqarish esa 1,4 barobar oshgan.
Trend tahliliga ko‘ra, sanoat tarkibidagi o‘zgarishlar O‘zbekistonda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar, mashina va uskunalar ishlab chiqarishga e’tibor kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Nashr mashinasozlikdagi o‘sishni sanoat taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichi sifatida baholagan.
D.HAKIMOV,
O‘zA