Transport sohasidagi sanoat zanjiri xaridor va ishlab chiqaruvchilarni bir maydonda jamladi
Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” ko‘rgazmalar majmuasida transport yo‘nalishida milliy sanoat zanjiri ko‘rgazmasi ish boshladi.
Bugungi kunda mamlakatimiz transport tizimida 12,8 milliard dollarlik 36 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, ushbu loyihalarda 407,3 million dollarlik mahsulotlarni mahalliylashtirish salohiyati mavjud. Shu maqsadda tashkil etilgan ko‘rgazmada 80 ta tarmoq va hududiy korxona transport sohasi uchun mo‘ljallangan mahsulotlari, butlovchi qismlari hamda texnologik yechimlarini namoyish etmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida Samarqand viloyat hokimi Adiz Boboyev, Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori Baxtiyor Haydarov va boshqalar so‘zga chiqib, ko‘rgazmaning ahamiyati va undan kutilayotgan natijalarga to‘xtaldi.
– Bu yil ikkinchi marta tashkil etilgan ko‘rgazma Prezidentimiz tashabbusi bilan shakllantirilgan mahalliylashtirish, sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari sohasida yangi tizim doirasida o‘tkazilmoqda, – deydi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori Baxtiyor Haydarov. – Asosiy maqsad ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozor yaratish, mahalliy korxonalarni yirik sanoat zanjiriga olib kirish va yuqori qo‘shilgan qiymatni mamlakat ichida shakllantirishga qaratilgan. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizdagi yirik transport kompaniyalarining sanoat salohiyati, ehtiyojlari va strategik rejalari taqdim etilmoqda.
Ko‘rgazmada import qilinayotgan uskuna, butlovchi qism va materiallarni mahalliylashtirgan tadbirkorlar bilan davlat xaridi sub’ektlari bo‘lgan transport korxonalari o‘rtasida uzoq muddatli kooperatsiya shartnomalari imzolash imkoniyati yaratilgan. Bu yerda buyurtmachi va ishlab chiqaruvchilar yuzma-yuz muloqot qilib, kelishuvlarga erishishi mumkin.
Ikki kun davom etadigan ko‘rgazmada 30 dan ortiq davlat buyurtmachilari, xarid operatorlari, sertifikatlashtirish, ekspertiza va standartlashtirish tashkilotlari hamda tijorat banklari ham ishtirok etmoqda.
– Ko‘rgazmada zavodimizda ishlab chiqarilayotgan yangi avtobus, shuningdek, 12 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lgan avtomashinamizni namoyish etyapmiz, – deydi “Sam AVTO” korxonasi savdo bo‘limi menejeri Mohinur Sharopova. – Bundan tashqari, avtotransport vositalari uchun zarur ehtiyot qismlarni ham olib kelganmiz. Korxonamizda tayyorlanayotgan “pikap” avtomobillarining 12 foizgacha, yuk avtomobillari va avtobuslarning 30 foizgacha butlovchi qismlari mahalliylashtirilgan. O‘tgan yilgi ko‘rgazmada “pikap” avtomobilimiz uchun ellikka yaqin shartnoma tuzilgandi, bu yil ushbu raqam oshishi kutilmoqda.
Tadbir davomida B2B va B2G uchrashuvlari, amaliy muzokaralar hamda hamkorlik memorandumlari va shartnomalarini imzolash jarayonlari o‘tkazilmoqda.
[gallery-30430]
Mazkur ko‘rgazma mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yirik davlat buyurtmachilari bilan bir maydonda uchrashtirib, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va transport sohasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga xizmat qiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari