Transport sohasida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?
Bugungi kunda mamlakatimizda naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, transport xizmatlari sohasida ham shaffoflikni ta’minlash maqsadida Toshkent shahri jamoat transporti hamda Metropolitenda yo‘l haqi to‘lovlarida naqd puldan voz kechilib, to‘liq elektron to‘lov joriy qilindi.
Natijada avtobus yo‘nalishida yo‘lovchi oqimi 2024-yilga nisbatan 26 foizga, pul tushumi esa 16 foizga ko‘paydi. Yo‘lovchi tashishlar umumiy hajmida jamoat transportining ulushi 18 foizdan 38,5 foizga yetkazildi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi majlisida aytib o‘tildi. Unda deputatlar Transport vazirligining transport sohasida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, sohani raqamlashtirish hamda yuk tashish tizimida shaffoflikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborotini eshitdi.
Axborotda keltirilganidek, vazirlik tomonidan “E-Logistika” axborot tizimi doirasida sohaga oid muhim texnologik yechimlar amalga oshirilgan. Mazkur tizim yuk tashish sohasidagi munosabatlarni samarali tartibga solish, xizmatlar bozorining shaffofligini ta’minlash va naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirishga qaratilgan.

Ushbu platforma orqali aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan onlayn buyurtmalar berish, shartnomalar tuzish hamda to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratilgan. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan to‘lov miqdorini mustaqil belgilash, ko‘rsatilgan xizmatlar sifatini baholab borish imkoniyatlari yo‘lga qo‘yilayotgani aytib o‘tildi.
Eshituv davomida deputatlar transport sohasida sog‘lom raqobat muhitini yanada jonlantirish, xizmatlar sifati nazoratini kuchaytirish, markaziy shaharlardagi brutto-shartnoma yo‘nalishlarida yo‘l haqini to‘lashni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, elektron to‘lov tizimini ommalashtirish, ichki yuk tashuvlarida yashirin iqtisodiyot ulushini yanada kamaytirish borasida tegishli taklif-tavsiyalar berdilar. Joylardagi o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan bir qator savollarni o‘rtaga tashladilar.
M.Komilova,
O‘zA