Ba’zida yo‘lkira narxlarining asossiz oshirilishi, onlayn to‘lovlardagi noaniqliklar, avtomobillardagi texnik nosozliklar yo‘lovchilarning ko‘nglini xira qiladi. Ularni tegishli idoralarga murojaat qilishga undaydi.
Fuqarolar tomonidan jamoat transportidagi muammolar yuzasidan bildirilgan murojaatlar Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilmoqda.

Tegishli qonuniy asosda olib borilgan tahlillar va nazorat tadbirlari natijasida ijobiy yechimlarga erishilmoqda.
Jumladan, Andijon, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatayotgan haydovchilar tomonidan aniqlangan muammolar, ya’ni narxlarning asossiz oshirilishi, yo‘lovchilardan ortiqcha yo‘l haqi undirish, texnik nosozlik kabi muammolarga barham berildi.
Buxoro viloyatining Kogon shahridagi 105 va 114-yo‘nalishli taksilar tomonidan yo‘lkira haqi asossiz oshirilgani aniqlanib, mas’ul tashkilotga nisbatan ish ko‘rildi.
Shuningdek, Toshkent shahrida YandexGo xizmati orqali asossiz qarzdorlik hisoblangan va ortiqcha mablag‘ yechib olingan fuqaroga kompensatsiya to‘lanib, qarzdorlik bekor qilindi.
Ta’kidlash joizki, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, har bir fuqaro haq-huquqlarini himoya qilishda faol ishtirok etishi mumkin.
N.Rahmonova, O‘zA