Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka transmilliy to‘siq qo‘yiladi
15 noyabr – Transmilliy uyushgan jinoyatchilikning barcha turlarining oldini olish hamda unga qarshi kurashish xalqaro kuni.
Bu – tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida taraqqiyotga raxna soluvchi uyushgan jinoyatchilik tahdidlariga qarshi kurashishda global birdamlik kuni.
Shu munosabat bilan poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokistondagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tadbir tashkil etildi.
Unda Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha davlat va hududiy komissiyalar a’zolari, mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, hamkor xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari hamda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Fatxi Vali xonim hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi direktori Atageldi Yazliyevning video-murojaati namoyish etildi.
Murojaatda transmilliy jinoyatchilik narkotrafik va odam savdosi ko‘rinishida hamon saqlanib qolayotgani, insoniyatga zarar yetkazayotgani, bu illatlarning zamonaviy turlari paydo bo‘layotgani qayd etildi. Ularga qarshi kurashish usullari ham zamonaviylashishi zarurligi, mamlakatlararo hamkorlikni kuchaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirning ochilishida BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl xonim, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokistondagi mintaqaviy vakili doktor Oliver Shtolpe hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshan Mamatov so‘zga chiqdi.
Ular ham transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga urg‘u berdi. Ayniqsa, kiberjinoyatchilik, sintetik moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi psixotrop dori vositalari savdosiga chek qo‘yish lozimligi qayd etildi.
[gallery-20381]
– BMT ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda dunyo bo‘ylab qariyb 300 million kishi giyohvandlik vositalarini iste’mol qiladi, odam savdosi qurbonlari soni bir yilda 5 million nafardan oshmoqda, – dedi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshan Mamatov. – Mazkur muammolar ko‘plab mamlakatlar qatori O‘zbekistonni ham tashvishga solmoqda. So‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni qariyb 2 baravarga, noqonuniy muomaladan olingan giyohvandlik vositalari musodarasi 8,5 baravarga, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi esa 400 baravarga ko‘paygan. Shuning uchun transmilliy jinoyatchilikka qarshi transmilliy to‘siq qo‘yish zarurati juda ortdi. Shu maqsadda O‘zbekistonda bunday jinoyatlarga qarshi kurashish tizimi kuchaytirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024 - 2028 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya” qabul qilindi.
Strategiyani ishlab chiqishda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boshqarmasi, Xalqaro narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasi, Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi ekspertlarining tavsiyalari hamda 10 dan ortiq davlatlarning ilg‘or tajribalari inobatga olingan.
Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Shuhrat G‘ulomov Milliy strategiya haqida to‘liq ma’lumot berdi. Strategiyaga ko‘ra, aholi, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarda «giyohvandlikka qarshi immunitet», o‘quvchi va talabalar orasida kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni iste’mol qilishga murosasiz munosabatni shakllantirish, ta’lim muassasalarida psixofaol moddalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan yangi ta’sirchan targ‘ibot-tashviqot va tarbiyaviy-profilaktik mexanizmlar joriy etish belgilangan.
Aholiga sifatli narkologik yordam ko‘rsatish tizimini yangi usullar asosida rivojlantirish, giyohvandlik va zaharvandlikning barvaqt profilaktikasi, diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan manzilli choralar amalga oshiriladi.
Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda prekursorlarning noqonuniy aylanmasining yangicha, ayniqsa, internet tarmog‘idagi usullariga barham berish, bu boradagi tezkor-qidiruv, tergov va ekspert-kriminalistik choralar kompleksini, birinchi navbatda, raqamlashtirish orqali rivojlantirish nazarda tutilgan.
Davlat va xususiy tibbiyot muassasalari hamda dorixonalarning giyohvandlik vositalaridan tibbiyotda foydalanish amaliyotini nazorat qilish, shuningdek, farmatsevtika korxonalari, giyohvandlik vositalarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar mas’uliyatini oshirishning ta’sirchan mexanizmlari yaratiladi.
Giyohvandlikni davolash va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar, xulosalar, yutuqlar va yangiliklarni amaliyotga joriy etish hamda ommaga yetkazish ta’minlanadi.
Milliy strategiyada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan barcha davlat organlari va tashkilotlarning birinchi rahbarlariga shaxsiy mas’uliyat yuklangan.
Tadbirda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Toshkent shahridagi axborot markazi rahbari Salome Flores Serra tomonidan Afg‘onistondagi vaziyat va undagi yangi tendensiyalar hamda transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbirda ishtirok etgan milliy va xorijiy hamkorlar dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA