SHHTga 25 yil: O‘zbekistonda madaniy-gumanitar hamkorlik (+video)
Joriy yil Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan 15-iyun kuni O‘zbekistondagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida mahalliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni ochib bergan O‘zbekistondagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov mamlakatimizda mazkur markazni tashkil etish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Markaz SHHTga a’zo davlatlar va fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda.
Matbuot anjumani davomida madaniy, ilmiy va ma’rifiy dasturlarni tashkil etish, delegatsiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tematik forumlar, badiiy ko‘rgazmalar, musiqa festivallari va sport tadbirlarini o‘tkazish borasida Markaz hamkorlari bilan birgalikda amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu tashabbuslar madaniyat, ta’lim, san’at, turizm, sport, tibbiyot va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida Qobiljon Sobirov ishtirokchilarga bildirilgan taklif va tavsiyalar uchun minnatdorchilik izhor etib, SHHT doirasida ko‘p tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishda Markaz va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlik kelgusida yanada samarali davom etishiga ishonch bildirdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/V75lP2nG5_w" title="ShHTga 25 yil: O`zbekistonda madaniy-gumanitar hamkorlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ziyovuddin Nuriddinov,
Nishonboy Abduvoitov,
Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA