Tramp Hurmuzda kemalarni kuzatish operatsiyasini boshladi (+video)
DW nashrining xabar berishicha, AQSH Hurmuz bo‘g‘ozida to‘planib qolgan kemalarni xavfsiz o‘tkazish ishlarini boshladi. Eron esa bu harakatni sulh kelishuvini buzish, deb baholagan.
AQSH prezidenti Donald Tramp ma’lum qilishicha, 4-maydan boshlab Eron tomonidan Hurmuz bo‘g‘ozida to‘sib qo‘yilgan fuqarolik kemalarini Amerika harbiylari kuzatuv ostida o‘tkazishni boshlaydi. Bu operatsiya “Ozodlik loyihasi” deb nomlangan.
Tramp o‘zining bu tashabbusini 28-fevraldan beri mojaro sabab Fors ko‘rfazida qolib ketgan yuzlab kema ekipajlari manfaatiga qaratilgan gumanitar aksiya deb atadi. Operatsiya e’lon qilingan paytda bo‘g‘oz yaqinidagi ikki kema hujumga uchragani haqida xabar berildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 29-aprel holatiga ko‘ra ko‘rfazda 900 dan ortiq tijorat kemasi bo‘lgan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi bu operatsiyada 100 dan ortiq havo va dengiz texnikasi, dronlar hamda 15 ming harbiy xizmatchi ishtirok etayotganini ma’lum qildi. Pentagon harbiy texnikalarning joylashtirish tafsilotlarini ochiqlamagan.
Bo‘g‘ozda turib qolgan tanker va yuk kemalarida taxminan 20 ming nafar dengizchi bor bo‘lib, ularning aksariyati Hindiston va Janubiy hamda Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari fuqarolaridir. Ekipaj a’zolariga ko‘ra, kemalarda ichimlik suvi, oziq-ovqat va boshqa zarur ta’minot tanqisligi kuzatilmoqda, shuningdek, hududda har kuni dron va raketalarning uchishi kuzatilmoqda.
Donald Tramp ijtimoiy tarmoqda bu operatsiya AQSH, Yaqin Sharq davlatlari va ayniqsa Eron nomidan amalga oshirilayotganini yozdi. “Agar bu gumanitar jarayonga qandaydir to‘sqinlik qilinsa, bunday aralashuvga kuch bilan chek qo‘yishga to‘g‘ri keladi”- deb ogohlantirdi AQSH yetakchisi.
Tramp shu bilan birga Eron bilan muzokaralar davom etayotganini va kelishuvga erishilsa barchaga ijobiy natija berishi mumkinligini aytdi. Ammo, urushni yakunlashga qaratilgan 14 bandlik Eron rejasi haqida to‘xtalmadi.
Eronning IRNA davlat agentligi Trampning Hurmuzdagi bu operatsiyasini negadir “asossiz va mantiqsiz” deb atadi. Eron parlamenti milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Ibrohim Aziziy esa ijtimoiy tarmoqda AQSHning Hurmuz bo‘g‘ozidagi jarayonlarga har qanday aralashuvi 8-apreldan kuchga kirgan sulhni buzish sifatida baholanishini ta’kidladi.
Eron tomonidan joriy etilgan Hurmuz bo‘g‘ozi blokadasi jahonning neft, gaz va o‘g‘it bozorlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. AQSH esa javob tariqasida Eron portlariga qarshi dengiz blokadasini kuchaytirgan. Sulhdan beri ikki tomon o‘rtasidagi muzokaralarda deyarli siljish sezilmayapti.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Xy6iAoVK1zg" title="Tramp Hurmuzda kemalarni kuzatish operatsiyasini boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA