Eron Trampning Hurmuz haqidagi gapini rad etdi (+video)
Eron qurolli kuchlari qo‘mondonligi AQSH prezidenti Donald Trampning AQSH Hurmuz bo‘g‘ozini nazorat qilayotgani haqidagi bayonotini rad etdi, deb xabar berdi Euronews.
Eron harbiylari strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu dengiz yo‘li to‘liq Eron nazoratida ekanini ma’lum qildi.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi vakili Ibrohim Zulfiqoriyning aytishicha, hech bir savdo kemasi yoki tanker Eron ruxsatisiz va uning qurolli kuchlari nazoratisiz bo‘g‘ozdan xavfsiz o‘ta olmaydi.
Eron urush boshlangandan beri jahon savdosi va energetikasi uchun muhim bo‘lgan Hurmuz bo‘g‘ozida harakatni cheklab kelmoqda. Kemalardan bo‘g‘ozdan o‘tish uchun tranzit to‘lovi talab qilinmoqda.
Donald Tramp esa chorshanba kungi chiqishida AQSH «Hurmuz bo‘g‘ozini to‘liq nazorat qilayotganini» aytgan va bu nazorat saqlanib qolishini bildirgan.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiyning aytishicha, AQSH bo‘g‘ozdagi vaziyatni baholashda jiddiy xatoga yo‘l qo‘ymoqda.
Shuningdek, Eron parlamenti deputati Behnom Saidiyning ma’lum qilishicha, AQSH va Isroilga tegishli kemalarga bo‘g‘ozdan o‘tish taqiqlangan. Uning aytishicha, AQSH harbiy kemalari ham bo‘g‘ozdan o‘ta olmaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YrO26DnOPBw" title="Eron Trampning Hurmuz haqidagi gapini rad etdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, O‘zA