Tramp Hurmuz bo‘g‘ozidagi amaliyotni to‘xtatdi, Vashington va Tehron kelishuvga yaqinlashmoqda
AQSH Prezidenti Donald Tramp Hurmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini ta’minlash uchun boshlangan “Project Freedom” amaliyoti vaqtincha to‘xtatilishini ma’lum qildi. Mazkur qaror Eron bilan muzokarada “sezilarli siljish” kuzatilgani ortidan qabul qilingan.
Uning aytishicha, operatsiya “o‘zaro kelishuv” asosida to‘xtatilgan, jarayonda Pokiston vositachi vazifasini bajargan. Shu bilan birga Amerika Eron portlariga nisbatan joriy etgan dengiz qamali amalda qolishi bildirildi.
Navbatdagi qaror Vashingtonda yangragan so‘nggi keskin bayonotlar davriga to‘g‘ri keldi. Davlat kotibi Marko Rubio avvalroq Eronga qarshi “Operation Epic Fury” harakati tufayli maqsadga erishilganini aytgan edi. Binobarin, AQSH rasmiylari Hurmuz bo‘g‘ozida xalqaro dengiz harakatini tiklash qat’iy davom ettirilishini ta’kidlab kelmoqda.
Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat esa hamon noaniq. So‘nggi kunlarda tijorat kemalariga hujum ko‘paygani haqida xabarlar tarqaldi, Birlashgan Arab Amirliklari Eron dron va raketalariga qarshi havo hujumidan mudofaa tizimi ishga tushirilganini ma’lum qildi. Tehron esa bu ayblovlarni rad etmoqda.
Musulmon Ziyo,
O‘zA