Toshkentdagi muzeyda saqlangan oltin va kumush buyumlar hozir qayerda?
Vatanimiz tarixidagi 2-oktyabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.
Kun tarixi
Vatanimiz tarixidagi 2-oktyabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.
1941-yil (bundan 79 yil oldin) – Toshkentdagi Oʻrta Osiyo Bosh muzeyi (hozirgi Oʻzbekiston tarixi Davlat muzeyi) fondidan Oʻrta Osiyo xonliklari sulolalariga oid 100 ga yaqin oltin, kumush tangalar, tilladan yasalgan zargarlik buyumlari, kumushdan yasalgan 40 ga yaqin noyob yodgorliklar – hammasi boʻlib 5–6 kilogramm tilla va kumush buyumlar hozirgi Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyi xodimining ishtirokida Toshkentdan Rossiyaga olib ketildi.
1959-yil (bundan 61 yil oldin) – “Xalq dushmani” deb qoralangan mashhur shoir, adib, maʼrifatparvar Isʼhoqxon Ibrat (1862–1937) oqlandi. Uning koʻplab qoʻlyozmalari, hali tamomlab ulgurmagan asarlari, toʻplagan nodir qoʻlyozma va bosma kitoblarining barchasi 1937-yil 7-yanvar kuni NKVD xodimlari tomonidan toʻrtta qanor qopga joylanib tashib ketilgan, oʻzi esa xalq dushmani tamgʻasi ostida Andijon qamoqxonasiga olib ketilib, oradan koʻp oʻtmay 75 yoshida vafot etadi.
1995-yil (bundan 25 yil oldin) – Moskvada Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasida Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisidagi Protokol imzolandi.
1996-yil (bundan 24 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Islom konferensiyasi tashkilotiga aʼzo boʻldi. Islom konferensiyasi tashkiloti 1969-yil 25-sentyabrda Marokash poytaxti Rabot shahrida boʻlib oʻtgan islom davlatlari sammitida tashkil etilgan. 2011-yil 28-iyunda tuzilma nomi Islom hamkorlik tashkiloti deb oʻzgartirilgan.
1997-yil (bundan 23 yil oldin) – Andijonda otashnafas shoir, istiqlol kuychisi Abdulhamid Choʻlpon tavalludining 100-yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan shaharning Soy mavzesida Choʻlpon bogʻi tashkil etildi. Bogʻning markaziga uning haykali oʻrnatildi, ramziy qabri barpo etildi. Ayni paytda shoir muzeyi, maʼnaviyat markazi ham faoliyat koʻrsata boshladi.
2007-yil (bundan 13 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 6 bob, 30 moddadan iborat.
2017-yil (bundan 3 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kurash milliy sport turini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
2018-yil (bundan 2 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Unga asosan 5-aprel Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kuni etib belgilandi.
2018-yil (bundan 2 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi