Vatanimiz tarixidagi 14 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1498 yil (bundan 527 yil oldin) – tongda Xuroson hukmdori Sulton Husayn Boyqaro va uning o‘g‘li Badiuzzamon Mirzo o‘rtasida jang bo‘ldi. Badiuzzamon Mirzo shu kuni O‘langnishin yaqiniga yetib kelganda, bu yerdagi hisobsiz qo‘shinni ko‘rib, hayrat barmog‘ini tishlab, dahshatga tushgan edi. Ammo oriyatni qo‘ldan bermay jangga kirdi. Ota bilan o‘g‘il o‘rtasidagi jang peshingacha davom etib, har ikki tomondan ko‘pgina qurbonlar berildi.
Nihoyat Badiuzzamon Mirzo jang shiddatiga dosh berolmay, Qandahorga qarab qochdi. Sulton Husaynning qo‘shin boshliqlaridan amir Umarbek shahzodani ancha masofagacha quvlab, nihoyat shahzodaga yaqinlashib, endi qilich urmoqchi bo‘layotganida, shahzodaning amirlaridan biri amir Yusuf Isfandiyor Badiuzzamon Mirzoning qo‘lidagi nayzasini tortib olib, amir Umarbekning yuziga qattiq zarb bilan urdi. Amir Umarbekning bir necha tishlari sinib, otdan yerga yumalab tushdi. Ushbu mo‘’jiza tufayli Badiuzzamon Mirzo salomat qutilib ketdi.
1647 yil (bundan 378 yil oldin) – Balx yaqinidagi Temurobod mavzesida Buxoro xonligi qo‘shinlari bilan boburiylar o‘rtasida jang bo‘ldi.
1865 yil (bundan 160 yil oldin) – 14 iyundan 15 iyunga o‘tar kechasi bosqinchi general Mixail Chernyayev bosh bo‘lgan rus qo‘shinlari tomonidan Toshkentga ikkinchi marta hujum uyushtirildi. Ular shaharning Kamolon darvozasi orqali bostirib kirishga muvaffaq bo‘ldilar. Mahalliy aholi har bir ko‘cha, har bir mahalla va har bir uy uchun qattiq kurash olib bordi. Suvsiz va oziq-ovqatsiz qolgan shahar 40 kunlik qamaldan so‘ng taslim bo‘ldi.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – Turkiston Respublikasi hukumatining dekreti bilan qalin puli olish man etilib, uni buzgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilab ko‘yildi.
1933 yil (bundan 92 yil oldin) – Toshkent darvozalarining o‘n ikkita ramziy tilla kalitlari O‘zbekistonga qaytarib berildi. “Toshkent” ensiklopediyasida qayd etilishicha, oltin kalitlardan biri O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida ko‘rgazmaga qo‘yilgan, qolgan 11 tasi O‘zbekiston Markaziy bankida saqlanmoqda. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining filiali Toshkent muzeyida mazkur o‘n ikki kalitning nusxalari namoyish etilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Toshkent darvozalari (XIX asr o‘rtalarida 12 ta darvoza)ning alohida kalitlari bo‘lgan. Har bir kalitda tegishli darvoza nomi va kalit yasalgan yil yozilgan. Toshkent 1865 yil iyun oyida Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan keyin, chor hukumatiga tobelik ramzi sifatida 12 ta darvozaning ramziy oltin kaliti shoshilinch ravishda yasalib, chor ma’murlariga topshirilgan va u kalitlar Peterburgga olib ketilib, harbiy muzeyda saqpangan.
Oltin kalitlar darvozalarni ochuvchi haqiqiy temir kalitlardan ancha kichik bo‘lgan (har birining uzunligi 16 sm, vazni 165–167 gramm). Kalitlar Toshkentning Pichoqchilik mahallasidagi Abdurahmon ismli zargar tomonidan yasalgan degan fikr mavjud. Kalitlar Peterburgda 1917 yilgacha Rossiya imperiyasiga, undan keyin sho‘rolar hukumatiga tobelik sifatida saqlanib kelindi.
1976 yil (bundan 49 yil oldin) – teatr muxlislarining dilidan o‘rin olgan “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektakli shu kuni ilk bor sahna yuzini ko‘rdi. Bu kun hozirgi Milliy akademik drama teatri jamoasi va, shu jumladan, atoqli adib Said Ahmad uchun unutilmas kun bo‘ldi. Said Ahmad asarlariga, ayniqsa, hikoyalariga xos bo‘lgan mayin yumor, nozik qochirimlar ilk bor Bahodir Yo‘ldoshev tomonidan sahnaga qo‘yilgan “Kelinlar qo‘zg‘oloni”da to‘kis jamuljam bo‘ldi.
Akademik teatr spektaklida birinchi bo‘lib Farmonbibi rolini mahorat bilan o‘ynagan atoqli san’atkor Zaynab Sadriyeva asarning Abror Hidoyatov nomidagi teatrda qayta ishlangan nusxasi (1987 yil 16 oktyabr)da ham shu rolni umrining oxirigacha ijro etdi. Asarni 1988 yili Bahodir Yo‘ldoshev Laos milliy teatrida sahnalashtirdi. Asar qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik, ozarbayjon, xitoy, AQSH teatrlarida, ya’ni dunyoning o‘ttizdan ortiq teatrida sahna yuzini ko‘rdi.
“Kelinlar qo‘zg‘oloni” asari asosida rejissor Melis Abzalov tomonidan badiiy film yaratildi. Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan bu film 1986 yilda AQSHda o‘tkazilgan ko‘rikda Amerikaning 26 ta shtatida namoyish etildi.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Kooperatsiya to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
1995 yil (bundan 30 yil oldin) – Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Shimoliy kon boshqarmasi tarkibiga kirgan Uchquduq tumanining Ko‘kpatas va Dovg‘iztov oltin konlari bazasida uchinchi Gidrometallurgiya zavodi (GMZ-3)ning birinchi navbati ishga tushirildi. GMZ-3 mustaqillik yillarida oltin qazib olgan birinchi zavod bo‘lib, bu yerda 1500 ta yangi ishchi o‘rinlari yaratildi. Shu yili 230 ming tonna ruda qayta ishlanib, reja 121,0 % qilib bajarildi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kartoshka yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish, kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish va urug‘lik fondini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “YUNESKO bilan hamkorlikda madaniy meros masalalari bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasini tashkil etish va uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA