Toshkentda Ibn Sino merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “Ibn Sino – G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjuman buyuk mutafakkir, qomusiy olim va tabib Abu Ali ibn Sinoning boy ilmiy-falsafiy merosini chuqur o‘rganish, uning jahon ilm-fani va falsafiy tafakkuri taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini keng yoritish, alloma asarlari yuzasidan xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlandi.
Tadbirda mamlakatimiz olimlari bilan bir qatorda Tojikiston, Eron, O‘mon, Misr, Yaponiya, Fransiya va Afg‘onistondan sharqshunoslar, faylasuflar, matnshunoslar hamda tibbiyot tarixi bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etdi. Konferensiya an’anaviy va Zoom platformasi orqali masofaviy shaklda tashkil etildi.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov, Sharqshunoslik instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Komiljon Rahimov hamda oliy ta’lim muassasalari va hamkor tashkilotlar vakillari so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, Ibn Sinoning ilmiy merosi jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida alohida o‘rin tutadi. Alloma asarlarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish, qo‘lyozma manbalarni saqlash, o‘rganish va ilmiy muomalaga kiritish, shuningdek, ularni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega.
Konferensiya 2030-yilda Abu Ali ibn Sino tavalludining 1050-yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi ilmiy-tashkiliy ishlarga ham xizmat qiladi.
Anjumanning ilmiy dasturi doirasida Ibn Sinoning falsafiy qarashlari, fanlar tasnifi, tabiatshunoslik va tibbiyot sohalaridagi ilmiy yondashuvlari, shuningdek, uning asarlarini tadqiq etishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Xususan, “Tib qonunlari” asarining Tehron universitetida saqlanayotgan 1109–1110-yillarga oid qo‘lyozma nusxasi haqida ma’lumot berildi. Uning tuzilishi, matnning xususiyatlari va tarixiy ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, “Kitob ash-shifo” asarining tabiatshunoslikka oid bo‘limi bo‘yicha yangi izohli o‘zbekcha talqinni tayyorlashning maqsad va vazifalari, ilmiy ahamiyati muhokama qilindi.
Qo‘lyozmalarni elektron kataloglashtirish, raqamli nusxalarini yaratish, tarixiy matnlarni zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida tadqiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bunday yondashuvlar noyob yozma manbalarni asrab-avaylash, ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim omil ekani qayd etildi.
Konferensiyada Ibn Sinoning tibbiy merosini zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan uyg‘un holda o‘rganish masalalari ham keng muhokama qilindi.
Jumladan, allomaning tibbiyot va farmatsevtika sohalariga oid qarashlari, yurtimizda o‘sadigan dorivor o‘simliklar asosida innovatsion texnologiyalar yordamida fitopreparatlar yaratish imkoniyatlari tahlil etildi. “Kitob al-hayvon” asarida yurak va o‘pka faoliyati, shuningdek, dorivor o‘simliklar xususiyatlariga oid ma’lumotlar yuzasidan ilmiy fikrlar bildirildi.
Anjuman davomida Ibn Sinoning falsafiy, adabiy va axloqiy merosiga bag‘ishlangan ma’ruzalar ham taqdim etildi. Ularda borliq va bilish, makon va zamon, jon va ruh, inson kamoloti, axloqiy qadriyatlar hamda shaxsning ma’naviy rivojlanishiga doir qarashlar tahlil qilindi.
[gallery-32119]
Xalqaro konferensiya Ibn Sino merosini o‘rganish borasidagi yangi tadqiqot natijalarini taqdim etish, ilmiy tajriba almashish va xorijiy olimlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Qayd etilganidek, buyuk allomaning boy ilmiy-falsafiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish nafaqat tarixiy ilmiy an’analarni asrab-avaylash, balki yosh avlodning intellektual salohiyati va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.
Kamola Yusupova,
O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA