Ibn Sino merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov “Ibn Sino” jamoat fondi Boshqaruvi raisi Nozimxon Mahmudov bilan uchrashdi.
Muloqot davomida buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning jahon ilm-fani, xususan, tibbiyot va farmakologiya rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini keng targ‘ib etish, uning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish hamda ushbu yo‘nalishdagi xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, allomaning nomi va ilmiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga xizmat qiluvchi milliy brendni yaratish va rivojlantirish, shuningdek, Ibn Sino merosini o‘rganishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadbirlarni hamkorlikda tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda ilgari surilgan muhim tashabbuslardan biri — joriy yil noyabr oyida O‘zbekiston olimlarining Hindistonga ilk ilmiy ekspeditsiyasini tashkil etish masalasi bo‘ldi. Rejaga ko‘ra, ekspeditsiya davomida Hindistonda saqlanayotgan Ibn Sinoga oid qo‘lyozmalarni o‘rganish, mahalliy olimlar, shuningdek, farmakologiya va farmatsevtika nazorati sohasi mutaxassislari bilan ilmiy uchrashuvlar o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur ilmiy ekspeditsiya Ibn Sinoning tibbiyot va farmakologiyaga oid ilmiy merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish, mavjud ilmiy aloqalarni mustahkamlash va yangi xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, tashabbus buyuk allomaning ilmiy merosini O‘zbekistonda va xorijda keng targ‘ib etish, uning jahon ilm-fani taraqqiyotidagi o‘rnini yanada chuqurroq o‘rganish hamda Ibn Sino nomini xalqaro ilmiy-madaniy makonda munosib targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA