FARMON VA IJRO: Toshkent shahridagi 600 mingdan ortiq kvartira ommaviy baholandi
Bugun Iqtisodiyot va moliya vazirligida Toshkent shahrida o‘tkazilgan ko‘chmas mulk ob’ektlarini ommaviy baholashning dastlabki natijalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik mutasaddilari, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari ishtirok etgan ushbu tadbirda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov, Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi direktori Muhiddin Xolmurodov va boshqalar so‘zga chiqib, Prezidentimizning 2025-yil 5-martdagi “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Vazir o‘rinbosari Ahadbek Haydarovning qayd etishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 9 milliondan ortiq turar va noturar joy ob’ekti hamda 8 millionga yaqin yer uchastkasi mavjud. Ko‘chmas mulk fuqarolar va tadbirkorlarning eng muhim iqtisodiy aktivlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, amaldagi kadastr qiymati ko‘chmas mulk bozorida so‘nggi yillarda yuz bergan o‘zgarishlar, hududlar o‘rtasidagi tafovutlar va ob’ektlarning real bozor qiymatini to‘liq aks ettirmaydi.
– Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-martdagi PF-43-son farmoniga muvofiq, ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan. Mazkur tizimni joriy etishning birinchi bosqichi 2025-2026-yillarda Toshkent shahrida tajriba tariqasida amalga oshirilmoqda. Dastlabki natijalarga ko‘ra, Toshkent shahrida 600 mingdan ortiq kvartira baholangan. Ularning amaldagi kadastr qiymati 57,7 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasidagi qiymat 426,7 trillion so‘m etib belgilangan.
Shuningdek, 213 mingdan ortiq hovli-joy qayta baholangan. Mazkur ob’ektlarning amaldagi kadastr qiymati 39 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasida ularning qiymati 587 trillion so‘mni tashkil etdi. Baholash natijalari Toshkent shahri hududlari kesimida ko‘chmas mulk qiymatida sezilarli tafovutlar mavjudligini ham ko‘rsatdi. Jumladan, kvartiralarning 1 kvadrat metri uchun qiymat 4,6 million so‘mdan 36 million so‘mgacha, bir sotix yer uchastkasining qiymati esa 115 million so‘mdan 888 million so‘mgacha bo‘lgan. Mazkur tafovutning asosiy sabablaridan biri amaldagi kadastr qiymatida yer uchastkasi qiymatining to‘liq aks etmaganidir. Ommaviy baholashda esa hovli-joy yagona ko‘chmas mulk ob’ekti sifatida, ya’ni yer uchastkasi hamda undagi bino va inshootlar birgalikda baholanadi, – dedi vazir o‘rinbosari.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, baholash jarayonida ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha katta hajmdagi ma’lumotlar tahlil qilinadi. Jumladan, bozor takliflari, rieltorlik ma’lumotlari va rasmiy tartibda rasmiylashtirilgan bitimlar o‘rganilib, ob’ektlar narx zonalariga guruhlanadi. Ushbu ma’lumotlar asosida hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari va ob’ektlarning individual ko‘rsatkichlarini hisobga oluvchi baholash modellari shakllantiriladi.
[gallery-30878]
Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi direktori Muhiddin Xolmurodovning ta’kidlashicha, ommaviy baholashda xalqaro tajriba, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki ekspertlarining tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan uslubiyat qo‘llanilgan. Baholash jarayonida ko‘chmas mulk bozoriga oid 100 mingdan ortiq ma’lumot, jumladan, 85 mingdan ziyod notarial oldi-sotdi bitimi tahlil qilingan.
– Ommaviy baholashda hududlar ko‘chmas mulk narxlariga qarab zonalarga ajratilib, har bir ob’ektning qurilgan yili, maydoni, qurilish materiali, qavati, yer uchastkasi va joylashuvi kabi omillar hisobga olingan. Amaldagi kadastr qiymati ko‘chmas mulkning real qiymatini to‘liq aks ettirmayotgani sababli, yangi tizimda ob’ektning lokatsiyasi va infratuzilmaga yaqinligi asosiy qiymat shakllantiruvchi omillardan biri sifatida inobatga olinadi.
Baholashda bozordagi talab va taklif narxlari o‘rtasidagi tafovut ham inobatga olingan. Xalqaro tajriba asosida taklif narxlariga nisbatan 20-30 foizlik chegirma qo‘llanilgan. Masalan, Ahmad Yugnakiy massividagi 94 kvadrat metrlik kvartira bo‘yicha real oldi-sotdi bitimi 1,2 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasida uning qiymati 1 milliard so‘m deb aniqlangan. Aynan shu ob’ektning amaldagi kadastr qiymati esa 190 million so‘mni tashkil etgan.
Ommaviy baholash natijalari hozircha dastlabki hisoblanadi. Yakuniy qiymatlar tasdiqlanishidan oldin baholash natijalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, mulkdorlarning fikr va takliflarini o‘rganish hamda asosli e’tirozlar mavjud bo‘lgan taqdirda tegishli tuzatishlar kiritish mexanizmi nazarda tutilgan. Baholash natijalari 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Har bir mulkdorga o‘z ko‘chmas mulki bo‘yicha baholash natijasi haqida SMS-xabarnoma yuboriladi.
Mulkdorlar baholash natijalari va hisob-kitoblarda foydalanilgan ma’lumotlar bilan tanishish, xatolik yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda murojaat qilish hamda natijani qayta ko‘rib chiqishni so‘rash huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, ommaviy baholangan qiymatdan norozi bo‘lgan mulkdorlar uchun mustaqil baholovchilarni jalb qilish imkoniyati ham nazarda tutilmoqda.
Shuni aytish joizki, ommaviy baholash ko‘chmas mulkning kelgusidagi aniq sotuv narxini belgilamaydi. Uning asosiy vazifasi ko‘chmas mulkning bozor sharoitlariga yaqin, yagona mezonlar asosida shakllantirilgan va solishtirish imkonini beradigan qiymatini aniqlashdan iborat, – dedi M.Xolmurodov.
Tadbirda Toshkent shahridagi ko‘chmas mulk ob’ektlarini ommaviy baholash natijalari davreestr.uz saytiga joylashtirilayotgani ham ma’lum qilindi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA