Toshkent xalqaro yarim marafoni aholi o‘rtasida salomatlikni targ‘ib etadi
Poytaxtimiz Toshkentda vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayramiga bag‘ishlab “Toshkent xalqaro yarim marafoni” bo‘lib o‘tadi.
Aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda yoshlar o‘rtasida jismoniy faollikni oshirishga qaratilgan mazkur ommaviy sport tadbirini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida ayni kunlarda tegishli tashkilot va sport federatsiyalari tomonidan zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 6-sentabrida o‘tadigan mazkur musobaqada nafaqat mamlakatimiz, balki bir qator davlatlarning yengil atletikachilari ishtirok etishi kutilmoqda.

Tashkiliy qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, yarim marafon musobaqalarida 30 ming nafarga yaqin hamyurtlarimiz va xorijiy mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Yoshlarni birlashtiruvchi chinakam do‘stlik maydoniga aylanadigan musobaqalar Xalqaro yengil atletika federatsiyasi taqvimidan o‘rin olgan bo‘lib, musobaqalarda munosib ishtirok etgan sportchilarga tegishli reyting ballari taqdim etiladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA