Toshkent xalqaro yarim marafoni yuqori saviyada tashkil etilmoqda
Toshkentda Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro yarim marafon keng ko‘lamda va yuqori saviyada o‘tkazildi. Beshta startni o‘z ichiga olgan nufuzli sport tadbirida 50 mamlakatdan 24,5 mingga yaqin ishtirokchi qatnashib, poytaxtimizda ommaviy sport, xalqaro hamkorlik va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotining o‘ziga xos bayramiga aylandi.
Toshkent xalqaro yarim marafoni mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda poytaxtimizning yirik xalqaro sport tadbirlarini o‘tkazish borasidagi salohiyatini namoyon etishga xizmat qiluvchi nufuzli sport anjumanlaridan biri sifatida yuqori saviyada o‘tkazildi.
Musobaqa doirasida beshta start tashkil etilib, ularda qariyb 24,5 ming nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Qatnashchilarning qariyb 53 foizini ayollar tashkil etayotgani yurtimizda xotin-qizlarning sport va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Toshkent xalqaro yarim marafonining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov hamda Bojxona qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov ishtirok etdi.


Marosimda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilayotgan e’tibor yuksak samara berayotganini ta’kidladi.
Musobaqaning xalqaro miqyosi ham kengayib bormoqda. Unda 50 mamlakatdan 2 mingdan ziyod xorijiy ishtirokchi, jumladan, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning 20 dan ortiq vakili qatnashmoqda. Shuningdek, tadbir doirasida 3,5 mingdan ziyod korporativ ro‘yxatdan o‘tish qayd etilgan.
Yarim marafon doirasida inklyuziv sportni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Maxsus startlarda qariyb 600 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Bu musobaqaning ommaviyligi bilan bir qatorda, uning ijtimoiy ahamiyatini ham yanada oshirmoqda.
Musobaqani tashkiliy va xavfsizlik jihatidan ta’minlash ishlari barcha tegishli xizmatlarning o‘zaro hamkorligi va aniq muvofiqlashtirilishi asosida yo‘lga qo‘yilgan. Zarur chora-tadbirlarning oldindan belgilab olingani ishtirokchilar uchun qulay sharoit yaratish, harakat xavfsizligini ta’minlash va musobaqaning uzluksiz o‘tish imkonini berayotir.
Tadbirda zamonaviy raqamli texnologiyalardan ham keng foydalanilmoqda. Xususan, elektron xronometraj uchun «TimingSense», masofani bosib o‘tish jarayonini onlayn kuzatish imkonini beruvchi «ProRun Live» tizimlari joriy etilgan. Mazkur yechimlar ishtirokchilar natijalarini aniq qayd etish, shuningdek, musobaqa jarayonini onlayn kuzatib borish imkonini yaratdi.

Yarim marafonning media qamrovi ham yuqori ko‘rsatkichlarga ega. Ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriya 13 milliondan oshgan. Tadbir doirasida 70 dan ziyod videomaterial va 3 mingdan ortiq nashr tayyorlangan. Musobaqa jarayonini keng yoritish uchun 50 dan ziyod bloger va inflyuyenser jalb etildi.
Ikki kun davomida faoliyat ko‘rsatgan «EXPO» ko‘rgazma va ro‘yxatdan o‘tish maydonida 15 dan ortiq kompaniya ishtirok etib, o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish qildi. Ishtirokchilar uchun ro‘yxatdan o‘tish va musobaqaga tayyorgarlik jarayonlarini qulay tashkil etish bo‘yicha zarur sharoitlar yaratildi.
Umuman, Toshkent xalqaro yarim marafoni keng ishtirokchilar tarkibi, puxta tashkiliy ishlar, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, xavfsizlik choralarining yuqori darajada ta’minlangani va keng media qamrovi bilan ajralib turibdi.
Musobaqaning ko‘tarinki ruhda, tartibli va yuqori saviyada o‘tkazilayotgani mamlakatimizda ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish borasidagi tajriba va salohiyat izchil yuksalib borayotganini ko‘rsatmoqda. Poytaxtimizning xalqaro miqyosdagi yirik sport anjumanlarini munosib qabul qilish va o‘tkazish imkoniyatlari ham tobora kengayib bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA