Toshkent xalqaro moliya markazi — iqtisodiyotda muhim strategik qadam
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda dastlab “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Mazkur hujjat loyihasi bo‘yicha deputat Davron Aripov batafsil ma’lumot berdi:
— Ushbu Konstitutsiyaviy qonun loyihasida moliya markazining huquqiy maqomi, faoliyat tamoyillari, boshqaruv tizimi, vakolatlari, maqsad va vazifalari hamda markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejim aniq belgilangan, — dedi deputat. — Jumladan, markaz hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, mazkur Konstitutsiyaviy qonunga va moliya markazining qarorlariga zid bo‘lmagan holda Angliya va Uels huquqining prinsiplari, qonunchiligi va sud pretsedentlari amal qilishiga oid qoidalar o‘z aksini topgan.

Loyihani tayyorlashda dunyoning yetakchi moliya markazlari — Dubay xalqaro moliya markazi (DIFC), Ostona xalqaro moliya markazi (AIFC) va Singapur tajribasi atroflicha o‘rganildi. Qonun loyihasi bilan Toshkent xalqaro moliya markazining institutsional tuzilmasi belgilanmoqda.
Shuningdek, markaz ma’muriyati, Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va Toshkent xalqaro tijorat sudining huquqiy maqomi mustahkamlanmoqda. Bundan tashqari, Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi litsenziyalash, nazorat qilish va ta’sir choralarini qo‘llash vakolatiga ega bo‘ladi. Toshkent xalqaro tijorat sudi esa markaz ishtirokchilari o‘rtasidagi nizolarni mustaqil ravishda ko‘rib chiqadi.

Loyihada markaz ishtirokchilari va ularning xodimlariga xorijiy valyutalarda hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish, besh yilgacha amal qiladigan maxsus vizalar olish huquqi berilishi ham nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, markaz hududida soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilishi belgilangan.
Ushbu qonun loyihasi bilan Konstitutsiya va qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Konstitutsiyaning 15-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida yagona huquqiy makon saqlangan holda, alohida hududlarda qonun asosida maxsus huquqiy rejim o‘rnatish imkoniyati belgilanmoqda. Bosh qomusimizning 131-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimcha bilan esa maxsus huquqiy rejim amal qiladigan hududlarda ixtisoslashgan sudlar tashkil etilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda. 134-moddaga kiritilayotgan o‘zgartirish bilan ayrim maxsus holatlarda sud yurisdiksiyasi va sud ishlarini yuritish tartibi qonun bilan alohida belgilanishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.
Qonun loyihasi ekspertlar, konstitutsiyaviy huquq sohasi olimlari takliflari asosida takomillashtirildi, — dedi D.Aripov.
Muhokamalarda deputatlar, fraksiyalar vakillari loyiha bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Hujjat mamlakatda raqobatbardosh kapital bozorini rivojlantirish, investitsiya oqimini kengaytirish, ochiq va zamonaviy iqtisodiy muhitni shakllantirish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, O‘zbekistonni mintaqaviy moliyaviy xab sifatida shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA