Deputat aholi muammolarini joyida o‘rgandi
Xalq bilan muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish va ularning yechimiga ko‘maklashish bugungi kunda davlat organlari hamda xalq vakillari oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Ana shu maqsadda “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gavhar Olimova Sirdaryo viloyatining Xovos va Boyovut tumanlarida bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva ham ishtirok etdi.

Muloqotlar davomida fuqarolarning tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va boshqa hayotiy masalalarga oid murojaatlari tinglandi. Ko‘tarilgan muammolar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Xovos tumanining Yangiyer mahallasida pillakorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda sohani yanada rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi. Suhbat davomida pillachilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash hamda sohadagi muammolarni hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.


Boyovut tumanida esa “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi doirasida tadbirkor xotin-qizlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Tikuvchilik, sovun ishlab chiqarish, parrandachilik, chorvachilik va nonvoychilik yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan ayollarning ish tajribasi o‘rganilib, ularning faoliyatini yanada kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasi doirasida Boyovut tumanining “Bekat” mahallasida faoliyat yuritayotgan yosh hunarmand Jamshid Yaxshiboyevning mehnat faoliyati bilan tanishildi. Temirchilik yo‘nalishida kreativ mahsulotlar ishlab chiqarayotgan yosh tadbirkorning tashabbuslari yuqori baholanib, uning faoliyatini yanada rivojlantirish va kengaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri