Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Nurafshonda yirik Xitoy investorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda raqamli boshqaruv tizimlari, sanoatni avtomatlashtirish, tibbiyot, qurilish, avtomobil sanoati, oziq-ovqat, to‘qimachilik, qurilish materiallari, aktivlarni boshqarish, media, axborot texnologiyalari hamda xalqaro biznes konsalting kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan 13 ta yirik Xitoy kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Hozirgacha Nurafshon shahrida 130 dan ortiq xorijiy va qo‘shma korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ulardan 47 tasi xitoylik investorlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Tadbirda Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari J.Mamajonov hamda Nurafshon shahar hokimligi mas’ullari tomonidan hududning investitsiyaviy salohiyati, zamonaviy infratuzilmasi hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar batafsil tushuntirildi. Xitoylik investorlar taqdim etilgan imkoniyatlarni yuqori baholab, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirdi. Yakunda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
***
Yoshlar oyligi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan kafillikka olingan yoshlar bilan samimiy suhbat tashkil etildi. Unda yoshlarning muammo va takliflari tinglanib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, ta’lim, bandlik, kasb-hunar egallash hamda hayotda o‘z o‘rnini topish borasida zarur tavsiya va ko‘maklar berildi. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va kelajakka ishonchini mustahkamlash yo‘lidagi bunday uchrashuvlar hududlarda izchil davom ettiriladi.
***

Qibray tumanidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari ishtirokida tuman poliklinikalarida endokrinologik xizmat faoliyati o‘rganildi.
Bunda patronaj hamshiralar tomonidan “Endoskring” dasturi orqali 40 yoshdan oshgan aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilishi, xavf guruhiga kiruvchi fuqarolarning oilaviy shifokorlarga yo‘naltirilishi, skrining natijalarining DMED elektron tizimiga to‘liq kiritilishi hamda bemorlarni dispanser nazoratiga olish jarayonlari tahlil qilindi.
Tadbir doirasida ambulator qabulga murojaat qilgan 50 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga malakali tavsiya va maslahatlar berildi.
A.Musayev, O‘zA