Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Nurafshon shahrida “2026 Information Technologies and Artificial Intelligence International Conference” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi. Unda mamlakatimiz bilan bir qatorda Rossiya, Turkmaniston hamda boshqa mamlakatlardan tashrif buyurgan 100 dan ortiq olim, ekspert, IT sohasi mutaxassislari va turli tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Tadbir doirasida sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va zamonaviy axborot texnologiyalarining dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi, ilmiy ishlanmalar taqdim etildi hamda xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Ishtirokchilar ilm-fan va innovatsiyalar sohasida tajriba almashib, yangi loyihalarni shakllantirish hamda mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash choralari ko‘rildi.

***
“Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent viloyati bo‘limida Prezidentimizning 2024-yil 25-noyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi, keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish masalalari bo‘yicha muloqot o‘tkazildi.

Unda qaror doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, erishilgan natijalar va mavjud muammolar muhokama etildi. Ayniqsa, Piskent, Bekobod, Chinoz va Ohangaron tumanlarida keksalar bilan ishlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga keng jalb etish borasida to‘plangan ijobiy tajribalar ishtirokchilar e’tiboriga havola qilindi. Hududlarda keksalar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, manzilli ko‘mak ko‘lamini kengaytirish, nuroniylarning jamiyat hayotidagi ishtirokini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar rejalashtirildi.

***
Toshkent davlat agrar universitetida abituriyentlar va yoshlarni oliy ta’lim muhiti bilan yaqindan tanishtirish maqsadida navbatdagi “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Dastlab akademik litsey bitiruvchilari hamda Toshkent viloyatidagi 20 ga yaqin umumta’lim maktablarining o‘quvchilaridan iborat abituriyentlar universitet faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Abituriyentlarga oliygohda yaratilgan zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriyalar, innovatsion markazlar, axborot-resurs markazi, talabalar turar joylari hamda ta’lim jarayonida yaratilgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar universitetning xalqaro hamkorlik dasturlari, akademik almashinuv loyihalari, grant va stipendiya imkoniyatlari hamda talabalik hayotining muhim jihatlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
A.Musayev, O‘zA