Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Prezidentimiz tomonidan haftaning bir kun – “Sport kuni” deb e’lon qilinishi yurtimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholini ommaviy sportga keng jalb etishda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu tashabbus bo‘yicha Bo‘ka tumani mahallalarida turli sport tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda.
E’tiborlisi, mazkur sport tadbirlarida nafaqat yoshlar, balki nuroniy otaxonlar va aholining turli qatlam vakillari ham faol qatnashyapti. Bu esa jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, avlodlar o‘rtasida sport orqali yaqinlik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

***
Zangiota tumanida nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalari yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbir nafaqat sport bayrami, balki inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy faollikni oshirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.
Musobaqalarda jami 439 nafar ishtirokchi qatnashib, ular orasidan 26 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu kabi tadbirlar jamiyatda inklyuzivlik muhitini mustahkamlash, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.


***
Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Olmaliq shahrida ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalari (BSK) faoliyati yuzasidan navbatdagi monitoring tadbirlari o‘tkazildi.
Jarayonda mas’ullar ayrim ko‘p kvartirali uylarning elektr shitlari ko‘zdan kechirilganda, ularning texnik holati qoniqarsiz ekani, ochiq va qarovsiz qolib ketgani hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda foydalanilayotgani aniqlandi.


Eng achinarli holat BSKning xo‘jalik mollarini saqlash uchun mo‘ljallangan omborxonasida kuzatildi. Mazkur bino belgilangan maqsadlarda foydalanilishi o‘rniga, turli maishiy chiqindilar va qurilish qoldiqlari bilan to‘ldirilib, mutlaqo tartibsiz, antisanitariya holatiga keltirilgan. Ushbu holatlar yuzasidan Inspeksiya mutaxassislari tomonidan mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish hamda hududni tartibga keltirish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
A.Musayev,O‘zA.