Qishloq xo‘jaligida innovatsion islohotlar ommalashmoqda
Bahorning har bir kuni g‘animat ekanligini anglagan Toshkent tumani dehqonlari hozir dalalarda uyushqoqlik ko‘rsatmoqda. Xususan, hududda tashkil etilgan “Fermerlar kuni” tadbiri shunchaki uchrashuv emas, balki soha fidoyilari uchun o‘ziga xos tajriba maktabiga aylandi.
Fermerlar, dehqon xo‘jaliklari vakillari bilan muloqotda tuman hokimligi mas’ullari erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ham tanqidiy tahlil qildi. Istiqboldagi rejalar belgilab olindi.

Tadbirda asosiy e’tibor yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda bajarishga qaratildi. Mutaxassislar qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlariga murojaat qilar ekan, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali eksport hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bugungi kunning kechiktirib bo‘lmas talabi ekanligini alohida ta’kidladi. Zero, innovatsiya kirgan sohada baraka va rivojlanish bo‘lishi shubhasizdir.

Jumladan, “NIHOL AGRO EXPORT” ishlab chiqarish kooperativi rahbari X.Azimov tomonidan namoyish etilgan intensiv usuldagi qulupnay, piyoz va brokkoli yetishtirish tajribasi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida parvarishlanayotgan bu mahsulotlar nafaqat sifati, balki xalqaro bozorlardagi xaridorgirligi bilan ham ajralib turadi. Dala o‘rtasida tashkil etilgan ushbu o‘quv-seminari ishtirokchilar uchun nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lash imkonini berdi.

Hozir mazkur tumanda 2026-yil hosili uchun keng ko‘lamli ekin ishlari amalga oshirilyapti. Jumladan, 1 ming 400 gektar maydonga turli sabzavot ekinlari, ming gektardan ortiq hududga kartoshka hamda boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekilib, parvarishlanmoqda. Bu ishlar “Navoiy mirishkor”, “Ko‘kterak hosilot fayz”, “G‘ulommaxmud baraka”, “G‘ishtko‘prik agro”, “Tosh-To‘labiy”, “Xasanboy agro nur” kabi ilg‘or xo‘jaliklar hamda boshqa hududlarda izchil davom etmoqda. Bundan tashqari, hududda 1 ming 325 gektar meva bog‘lari hamda 786 gektar tokzorlar ham mavjud bo‘lib, bahorgi sovuqdan himoya qilinmoqda. Chunki ayni davrda har bir nihol, har bir kurtak kelgusi hosilning poydevori hisoblanadi.

Tadbir yakunida o‘zaro savol-javoblar va qizg‘in bahslar orqali fermerlar o‘zlarini qiynayotgan masalalarga yechim topdi.
A.Musayev, O‘zA.