🏆JCH-2026⚽
Özbek
Ўзбек
Русский
English
French
German
Arabic
Қазақ
Spanish
Chinese
Sönggi yangiliklar

Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda

Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jamiyat
Tanlaş
18:09 / 26.12.2025

Prezidentimizning “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv “Ohangaron quvur metallurgiya zavodi”da bo‘lib o‘tdi.

Unda hujjatga muvofiq joriy etilayotgan yangi tartiblar, import va eksport yuklarini avtomatik tarzda bojxonadan rasmiylashtirish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, 2026 yil 1 martdan tovarlarni chegara bojxona postiga yetib kelganigacha dastlabki deklaratsiyalash orqali “erkin muomalaga chiqarish” rejimida rasmiylashtirish amaliyoti joriy etiladi. 

Shuningdek, dastlabki deklaratsiyalash orqali rasmiylashtirilayotgan tovarlar uchun bojxona yig‘imi 20 foiz kamaytiriladi, bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashda esa 14 kungacha foiz hisoblanmaydi. Yangi tartiblar tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, eksport-import jarayonlarini yanada tezlashtirishga xizmat qiladi. 

*** 

Bekobod tumani Tibbiyot birlashmasida o‘tkazilgan navbatdagi murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi. Bemorning umurtqasi yopiq jarohati malakali shifokorlar tomonidan umurtqa sinishi jarrohlik yo‘li bilan olib tashlandi. 

Amaliyot tuman Tibbiyot birlashmasining tajribali mutaxassislari tomonidan yuqori texnologiya asosida TPF sistema orqali umurtqa pog‘onasi fiksatsiyalandi. Jarayonlar belgilangan tibbiy standartlarga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirildi. Ushbu operatsiya tuman shifokorlarining kasbiy mahorati, bilim va tajribasining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.

*** 

Chirchiq shahridagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida boks bo‘yicha Toshkent viloyati chempionati bo‘lib o‘tdi. Musobaqada kattalar (ayollar), yoshlar (U-19 qizlar), o‘smirlar hamda kichik o‘smirlar yo‘nalishida eng iqtidorli bokschi qizlar ishtirok etdi. Ular viloyatning turli sport maktablari va klublar sharafini himoya qildi. 

Chempionat davomida ishtirokchilar texnik va taktik mahoratlarini namoyish etib, terma jamoa uchun istiqbolli sportchilar saralandi. Musobaqa g‘olib va sovrindorlari diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

Mazkur chempionat bokschi qizlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish, yosh avlodni sportga jalb qilish hamda kelgusi respublika musobaqalariga tayyorgarlik jarayonida muhim bosqich bo‘lib xizmat qildi. 

A.Musayev, O‘zA.

Muallif: abdulazizmusayev