Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyatidan 2026-yil mavsumi uchun dastlabki bir guruh ziyoratchilar muqaddas Haj amallarini ado etish maqsadida Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Toshkent viloyati vakilligi mutasaddilari, shuningdek, safarga otlanganlarning yaqin qarindoshlari ishtirok etdi. Tadbirda ziyoratchilarga oq yo‘l tilab, safar davomida barcha amallarni tartib va intizom asosida, mukammal ado etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

***
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev O‘rta Chirchiq tumanidagi Saidovul sanoat zonasiga borib, korxonalar faoliyati, hududda amalga oshirilayotgan ishlab chiqarish jarayonlari, eksport salohiyati va yangi investitsiya loyihalari bilan yaqindan tanishdi.
Viloyat rahbari ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, raqobatbardosh mahsulotlar hajmini oshirish hamda tashqi bozorlardagi ulushni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Uchrashuv mobaynida Sanoat zonalari direksiyasi rahbari tomonidan sanoat zonalarining rivojlanish strategiyasi yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, sanoatni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida erishilayotgan natijalar tahlil qilindi.
Taqdimotda alohida e’tibor muammoli va sud jarayonida bo‘lgan loyihalarga qaratildi. Ularni huquqiy jihatdan tartibga solish, ish faoliyatini tiklash va iqtisodiy aylanmaga qayta kiritish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.

***
Nurafshon shahar sport maktabida mahallalarda ommaviy sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda jamiyatda salomatlik muhitini mustahkamlash yo‘lida faol va fidokorona mehnat qilib kelayotgan 435 nafar mahalla raislari, yoshlar yetakchilari hamda seleksioner-trenerlar munosib taqdirlandi.
Toshkent viloyati sport boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tadbirda ularga sport ekipirovkalari topshirilib, joylarda olib borilayotgan samarali ishlar yuksak e’tirof etildi. Bu e’tibor nafaqat rag‘bat, balki ezgu maqsadlar yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan insonlar mehnatiga berilgan munosib bahodir.
Albatta, bu kabi sa’y-harakatlar natijasida ommaviy sport yanada rivojlanib, sog‘lom turmush tarziga keng e’tibor qaratiladi, eng muhimi, barkamol va sog‘lom avlod tarbiyasiga mustahkam zamin yaratiladi.

A.Musayev, O‘zA