Toshkent va Yerevan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta tiklandi
“Uzbekistan Airports” matbuot xizmatining xabar berishicha, 2-iyun kuni Toshkent xalqaro aeroportida Armanistonning Shirak Avia aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan Yerevan — Toshkent yo‘nalishidagi ilk muntazam reys tantanali ravishda kutib olindi. Shu tariqa O‘zbekiston va Armaniston poytaxtlari o‘rtasida so‘nggi o‘n yilliklardan keyin yana to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Yerevandan uchib kelgan birinchi reys bilan Toshkentga 127 nafar yo‘lovchi yetib kelgan. Aviatsiya an’analariga muvofiq, samolyot suv arkasi ostida kutib olindi, ekipaj a’zolariga esa gullar taqdim etildi.
Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida Toshkent — Yerevan yo‘nalishidagi birinchi reys yo‘lovchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish marosimi ham tashkil etildi. Ilk reys bilan Armaniston poytaxtiga 177 nafar yo‘lovchi jo‘nab ketdi.
Yangi aviayo‘nalish ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm, biznes aloqalari va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Parvozlar Boeing 737 rusumidagi samolyotlarda haftasiga bir marta amalga oshiriladi. Ushbu yo‘nalish ochilguniga qadar O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasida safar qiluvchi yo‘lovchilar Moskva, Istanbul, Tbilisi va boshqa shaharlar orqali tranzit reyslardan foydalanishga majbur edi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent va Yerevan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ilk bor 2017-yilda O‘zbekiston va Armaniston hukumatlari rahbarlari uchrashuvida muhokama qilingan edi. 2026-yil may oyidan esa mazkur yo‘nalish bo‘yicha muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.
2019-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Shirak Avia aviakompaniyasi Yerevandagi Zvartnots xalqaro aeroporti bazasida ishlaydi hamda qator xalqaro yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatadi. Kompaniya aviaparki Boeing 737 turkumiga mansub samolyotlardan tashkil topgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA