Toshkent – Amman o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi turizm, savdo-iqtisodiy hamda madaniy aloqalarni yanada faollashtirish maqsadida Toshkent va Amman shaharlari o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shu munosabat bilan Iordaniya poytaxti Amman shahrida O‘zbekistonning boy turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri o‘tkazildi. Unda mamlakatimizning tarixiy shaharlari, ziyorat va madaniy turizm imkoniyatlari, shuningdek, sayyohlik sohasidagi yangi loyihalar xorijlik hamkorlar va turizm sohasi vakillariga tanishtirildi.
Yangi aviaqatnovlarni Royal Jordanian aviakompaniyasi amalga oshiradi. Jadvalga ko‘ra, RJ196 raqamli ilk reys 30-iyun kuni Ammandan mahalliy vaqt bilan soat 22:50 da (Toshkent vaqti bilan 00:50 da) parvoz qiladi.
Samolyot Toshkent xalqaro aeroportiga ertasi kuni mahalliy vaqt bilan soat 05:25 da yetib kelishi rejalashtirilgan.
Mazkur to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi transport bog‘liqligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, yangi yo‘nalish Yaqin Sharq mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonning turizm salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilish va xorijiy sayyohlar oqimini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA