
Milliy matbuot markazida Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati hamda Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash, yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik, umuman, mamlakatimizda yer qonunbuzilish holatlarini aniqlash va bartaraf etishda davlat nazoratini amalga oshirishda Kadastr agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “E-yer nazorat” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan samarali foydalanilmoqda.
Mazkur dastur yordamida ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yilib, huquqbuzarliklarni bartaraf etish muddati qisqardi va idoralararo hujjat almashish tezkorligi oshirildi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi va uning tumanlardagi bo‘lim xodimlari tomonidan 2024 yil davomida poytaxtimiz hududida amalga oshirilgan yer va kadastr nazorati tadbirlari natijasida 3 ming 609 ta holatda 87,6 gektar yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish bo‘yicha huquqbuzarliklar aniqlangan.
Aniqlangan mazkur holatlarni bartaraf etish yuzasidan berilgan yozma ko‘rsatmalar asosida 1 ming 678 ta holatda 18 gektar yer qonunbuzilish holatlari fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi. Yozma ko‘rsatmalarga muvofiq qonunbuzilish holatlari bartaraf etilmagan 69,1 gektar yer maydonlaridagi 1 ming 957 ta qonunbuzilish holati yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritilishi ta’minlandi.
[gallery-21535]
Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan fuqaro va tadbirkorlarning sohaga oid masalalarini ijobiy hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, o‘tgan yili boshqarma va tuman bo‘limlariga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 7 686 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 5 957 tasi qanoatlantirilgan, 520 tasi yuzasidan tushuntirish berilgan, 21 tasi rad etilgan, 19 ta murojaat boshqa idoraga yuborilgan. Tumanlarda o‘tkazilgan sayyor qabullarda jami 114 ta murojaat o‘rganilib, 24 tasi ijobiy hal etilgan, 90 tasi bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berilgan.
2025 yil 1 yanvar holatiga, Toshkent shahrining umumiy yer maydoni 43 467 gektarni tashkil etadi.
Bugungi kunda aholiga 10 dan ortiq turdagi kadastr xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Murojaatlar Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron ko‘rinishda qabul qilinib, ijrosi ta’minlanyapti.
2024 yilda ko‘chmas mulk ob’ektiga kadastr pasportini tayyorlash bo‘yicha jami 120 ming 125 ta ariza kelib tushgan. Shundan 77 ming 282 ta ariza ijobiy yakunlanib, kadastr pasportlari shakllantirib berilgan. Ayni yo‘nalishdagi murojaatlarning 39 658 tasi rad etilgan bo‘lsa, 1 ming 382 ta ariza jarayonda turibdi.
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha jami kelib tushgan 197 ming 395 ta arizadan 150 ming 944 tasi ijobiy hal bo‘lgan, 41 ming 64 tasi rad etilgan, 2 ming 411 ta ariza jarayonda.
2024 yil davomida “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan “YERELEKTRON” AAT ga jami 2 800 ta (290,2 gektar) yer maydonlari vakolatli tashkilotlar bilan kelishish uchun kiritilgan. Shundan jami 458 ta (123 gektar) yer maydonlari elektron-onlayn auksion savdoga chiqarilgan.
Tasdiqlangan reja-jadval asosida “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunga binoan 2024 yilda Toshkent shahridagi 146 ta mahallada xatlov ishlari amalga oshirildi. 2025 yil yakuniga qadar esa 245 ta mahallada ko‘chmas mulklarni inventarizatsiyadan o‘tkazish rejalashtirilgan.
2025 yilning 1 yanvar holatiga jami mavjud bo‘lgan 43 ming 467 gektar yer maydonlaridan 11 500 gektarining “Uzkad” dasturida elektron xaritasi yaratilgan. Dasturda elektron xaritasi yaratilgan yer uchastkalari soni 39 494 tani tashkil qiladi. Mazkur yer uchastkalarining 28 505 tasiga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ta’minlangan bo‘lsa, 1 128 tasi dasturda foydalanuvchi sifatida hisobga olingan.
Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA