“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yoshlarni jismoniy chiniqtirish hamda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga e’tibor qaratilmoqda. Bu sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ular o‘rtasida giyohvandlik va jinoyatchilikning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
Shu maqsadda Toshkent shahrida uyushmagan yoshlar o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha “Toshkent shahar IIBB boshlig‘i kubogi” musobaqasi o‘tkazildi. 15-fevral kuni start olgan musobaqa kuni kecha yakuniga yetdi.
Turnir mahallalarda istiqomat qiluvchi 17-30 yoshdagi o‘g‘il va qiz bolalardan iborat jamoalar o‘rtasida uch bosqichda,
ya’ni mahallalararo sektor kesimida, sektorlararo tuman kesimida hamda tumanlararo shahar bosqichida o‘tkazildi. Poytaxtimiz bo‘yicha jami 585 mahalladan 688 jamoa shakllantirildi.
Voleybol musobaqalarini tashkil etishda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi, O‘zbekiston voleybol federatsiyasining Toshkent shahar boshqarmalari, sport hamda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari hamkorlik qildi.
Musobaqaning final bosqichida barcha tumanlardan 12 ta o‘g‘il va 12 ta qizlar jamoalari g‘oliblik uchun kurashdi. Natijalarga ko‘ra, o‘g‘il bolalar jamoasidan Yangihayot tumani Fayzli mahallasi jamoasi 1-o‘rinni, Mirzo Ulug‘bek tumani Farobiy mahallasi jamoasi 2-o‘rinni, Yunusobod tumani Nurmakon mahallasi jamoasi 3-o‘rinni egalladi.
Qizlar o‘rtasida 1-o‘rin Sergeli tumani Yangi Sergeli mahallasi, 2-o‘rin Bektemir tumani Mirishkor mahallasi, 3-o‘rin Yashnobod tumani Ahmad Yassaviy mahallasi jamoalariga nasib qildi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari homiy tashkilotlar tomonidan diplom, medal va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rinni egallagan jamoalarga “Toshkent shahar IIBB boshlig‘i kubogi” berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA