Toshkent Osiyo elit hakamlari markaziga aylandi
O‘zbekiston xalqaro maydonda yana bir nufuzli tadbirga mezbonlik qilmoqda. Bugun Milliy futbol markazida Osiyo futbol konfederatsiyasining (OFK) Elit hakamlar seminari o‘z ishini boshladi. E’tiborlisi, qit’a hakamligi taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur anjuman ilk bor mamlakatimizda o‘tkazilmoqda.
Seminarda Osiyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan 92 nafar elit toifadagi hakam, 6 nafar OFK vakili hamda 6 nafar OFK instruktori ishtirok etmoqda.
7-avgustga qadar davom etadigan o‘quv dasturi hakamlarning nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari va jismoniy tayyorgarligini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Mashg‘ulotlar FIFA va OFKning zamonaviy talablari, futbol qoidalariga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar, o‘yin vaziyatlarini tahlil qilish hamda hakamlik qarorlarini baholash masalalarini qamrab olgan.

Shuningdek, ishtirokchilar maydondagi amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘yinni boshqarish, to‘g‘ri pozitsiya tanlash va tezkor hamda aniq qaror qabul qilish bo‘yicha mahoratini oshirmoqda.
Mazkur seminarning Toshkentda o‘tkazilishi O‘zbekistonning Osiyo futbolidagi nufuzi ortib borayotgani, mamlakatimiz xalqaro darajadagi futbol tadbirlarini yuqori saviyada qabul qilishga tayyor ekanining yana bir amaliy tasdig‘i sifatida baholanmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA