O‘zbekistonda ilk bor OFKning elit toifadagi hakamlari seminari o‘tkaziladi
3–7-avgust kunlari Toshkentdagi Milliy futbol markazida Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK)ning G‘arb mintaqasi uchun mo‘ljallangan elit hakamlar seminari bo‘lib o‘tadi. E’tiborlisi, mazkur nufuzli tadbir ilk bor O‘zbekiston mezbonligida tashkil etilmoqda.
OFK taqvimidagi eng muhim o‘quv tadbirlaridan biri sanaladigan seminarda konfederatsiya Hakamlar departamenti vakillari, Osiyoning 92 nafar elit toifadagi hakami, tajribali instruktorlar hamda hakamlar tayyorlash yo‘nalishidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etadi.
Besh kunlik o‘quv dasturi davomida zamonaviy hakamlik mezonlari, o‘yin vaziyatlarini tahlil qilish, qaror qabul qilish sifati, maydondagi boshqaruv madaniyati, jismoniy tayyorgarlik hamda VAR texnologiyasidan samarali foydalanish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Mazkur seminar Osiyo futbolida hakamlik sifatini yanada yuksaltirish, yagona yondashuv va xalqaro standartlarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston vakillari — tajribali instruktor Valentin Kovalenko hamda FIFA hakami Ilgiz Tantashev seminarning Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan Sharq mintaqasi bosqichida ham faoliyat yuritadi. Bu esa mamlakatimiz hakamlik maktabining xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA