Toshkent havosi nega ifloslanadi: chang qayerdan kelyapti va qishda vaziyat qanday bo‘ladi?
So‘nggi vaqtlarda poytaxt havosining ifloslanishi haqidagi xabarlarga tez-tez ko‘zimiz tushadi. Ayniqsa, kuz kelishi bilan Toshkent havosining ifloslanishi yana dolzarb masalaga aylanadi.
Sovuq tushishi, shamolning susayishi, isitish mavsumi va cho‘llardan ko‘tariladigan chang havo sifatiga ta’sir ko‘rsatadi. Biroq, 2026-yilning dastlabki o‘n oyida qayd etilgan ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan ijobiy o‘zgarish borligini ko‘rsatmoqda.
Xo‘sh, bu yil havo nima hisobiga tozalandi va qishda bizni qanday manzara kutmoqda?
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida kuzgi mavsumda atmosfera havosi ifloslanishining sabablari va ko‘rilayotgan choralar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda “Green University” huzuridagi Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Doniyor Turg‘unov muhim ma’lumotlarni taqdim etdi.
Havo ifloslanishi haqida gap ketganda, ko‘pchilik birinchi navbatda avtomobillar va zavodlarni eslaydi. Ammo Toshkentda PM2.5-mayda zarrachalarining eng yirik yagona manbai — tabiiy chang. Mutaxassisga ko‘ra, havoning ifloslanishi faqat chiqindilar qancha miqdorda chiqarilayotganiga emas, balki ob-havo sharoitiga ham bog‘liq. Biroq, bu holat inson faoliyati natijasida paydo bo‘layotgan ifloslanishni kamaytirish zaruratini aslo bekor qilmaydi.
Kuzda havo soviydi, kunlar qisqaradi, kechalari yer yuzasi tezroq soviydi. Ayni shu jarayon atmosferada harorat inversiyasi deb ataladigan holatni yuzaga keltirishi mumkin. Bunda iliq havo qatlami sovuq havoni yerga yaqin hududda ushlab qoladi. Natijada transport, sanoat va boshqa manbalardan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar yuqoriga tarqalmay, shahar ustida to‘planadi. Yozda havo aralashadigan qatlam balandligi 2–3 kilometrgacha yetsa, kuzda u bir necha yuz metrgacha pasayishi mumkin. Shamol ham susaysa, ifloslanishning tarqalishi yanada qiyinlashadi.
Markaziy Osiyo yirik chang mintaqasida joylashgan. Qizilqum, Orolqum, Kaspiybo‘yi hududlari va boshqa cho‘llardan ko‘tarilgan chang havo oqimlari orqali keng hududlarga tarqaladi. Sentyabr va oktabr oylarida yog‘ingarchilik kam bo‘lishi ham tuproq changi havoga oson ko‘tarilishiga sharoit yaratadi. Jahon bankining 2025-yilgi hisobotiga ko‘ra, Markaziy Osiyo shaharlarida tuproq va cho‘l changi PM2.5 ta’sirining yillik hisobda 20–50 foizini tashkil qilishi mumkin. Bu esa havo sifati muammosiga faqat shahar ichidagi manbalar nuqtai nazaridan qarash yetarli emasligini ko‘rsatadi.
Toshkentning Yunusobod, Olmazor va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida yig‘ilgan PM2.5 namunalarining kimyoviy tarkibi maxsus laboratoriyada o‘rganilgan. 2026-yil 28-sentabrdan 6-oktabrgacha bo‘lgan davrda tabiiy chang bilan bog‘liq komponentlar ifloslanish manbalari tarkibida 52–78 foizni, o‘rtacha hisobda esa 64 foizni tashkil etgan. 13–14-oktabr kunlari bu ko‘rsatkich 47–52 foiz bo‘lgan. Bu natijalar kuzgi davrda tabiiy changning havo sifatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotganini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, binolarni isitish, transport va sanoat chiqindilari ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Zero, tabiiy changni to‘liq nazorat qilish qiyin bo‘lsa-da, inson faoliyati bilan bog‘liq ifloslanishni kamaytirish mumkin.
2026-yilning 1-yanvaridan 19-oktabrigacha Toshkentdagi avtomatik monitoring stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rtacha PM2.5 miqdori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28 foizga, PM10 esa 32 foizga kamaygan. Kuzdagi ko‘rsatkichlar ham e’tiborga molik. 1-sentabrdan 19-oktabrgacha PM2.5 miqdori 28 foizga, PM10 esa 37 foizga pasaygan. Oktyabr oyining dastlabki 19 kunida bu farq mos ravishda 40 va 56 foizni tashkil etgan. Yana bir muhim jihat: o‘tgan yilning shu davrida havo sifati indeksi — AQI bo‘yicha 11 kun “zararli” daraja qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilda bunday kunlar kuzatilmagan. PM2.5 bo‘yicha “o‘rtacha” va undan yaxshi havo sifati qayd etilgan kunlar soni 21 tadan 38 taga ko‘paygan. Bu raqamlar ijobiy o‘zgarishni ko‘rsatadi. Ammo ularni havo muammosi to‘liq hal bo‘ldi, degan xulosa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Ko‘rsatkichlar muayyan davrdagi o‘rtacha holatni ifodalaydi, ayrim kunlar yoki soatlarda ifloslanish keskin ko‘tarilishi ehtimoli saqlanib qoladi.
Atmosfera havosi sifatini yaxshilash maqsadida bir qator tashkiliy va amaliy choralar belgilangan. Xususan, davlatimiz rahbarining 2025-yil 24-noyabrdagi tegishli farmoni asosida maxsus komissiya tuzilgan. Yirik qurilish maydonlarida tekshiruvlar o‘tkazilib, changni kamaytirish uchun suv purkagichlar, transport g‘ildiraklarini yuvish moslamalari va havo monitoringi stansiyalarini joriy etish talablari belgilangan. Issiqxona xo‘jaliklarini ilg‘or “yashil” texnologiyalar asosida rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar ham qabul qilingan. Shuningdek, “Air Monitoring Uzbekistan” tarmog‘i va havoning yuqori darajada ifloslanishi haqida erta ogohlantirish tizimi yaratilgan.
2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Toza havo” umummilliy loyihasida atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarni 10,5 foizga, transport chiqindilarini esa 10 foizga kamaytirish vazifalari belgilangan. Toshkentda PM2.5 me’yoridan oshgan kunlar sonini 2030-yilgacha 35 foizga qisqartirish ham ko‘zda tutilgan. Biroq belgilangan maqsadlarning samarasi, avvalo, choralarning amalda qanday bajarilishi, chiqindilar qanchalik kamayishi va monitoring natijalarida qanday aks etishi bilan baholanadi.
Qisqa muddatli prognozga ko‘ra, 21–22-oktabr kunlari Toshkentda PM2.5 zarrachalarining sutkalik o‘rtacha miqdori 37 mikrogramm/m³ atrofida bo‘lishi kutilgan. O‘tgan yilning aynan shu kunlarida 91 va 77 mikrogramm/m³ ko‘rsatkichlari qayd etilgan. Demak, prognozdagi joriy ko‘rsatkich o‘tgan yilgi natijalardan qariyb ikki baravar past. Shunga qaramay, kechki va tungi soatlarda ifloslanishning qisqa muddatli ko‘tarilishlari kuzatilishi mumkin.
Mavsumiy prognozda ham nisbatan ijobiy kutilmalar bor. 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumida havo sifati o‘tgan mavsumga nisbatan yaxshiroq bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bunga yil boshidan beri qayd etilgan pasayish, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va yog‘ingarchilik sharoiti ta’sir qilishi mumkin. Biroq mavsumiy prognoz qat’iy kafolat emas. Kuchli harorat inversiyasi, shamolsiz kunlar va isitish mavsumidagi chiqindilar tufayli havo sifati vaqtincha yomonlashishi ehtimoli bor. Shuning uchun prognozlar muntazam yangilanib borilishi muhim.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA