MULOHAZA: Toshkent ekologiyasi bugun qanday holatda?
Havoning rangi qizil bo‘lsa, aybdorni bitta joydan izlash oson. Ammo raqamlar Toshkent havosining muammosi ancha katta ekanini ko‘rsatmoqda. 6-oktabr kuni ertalab Toshkent havosi IQAir monitoringida yana “qizil” ko‘rsatkichlarni qayd etdi: shahar bo‘yicha AQI 132, ayrim stansiyalarda esa 147–159 gacha chiqdi. AQI — havo sifatining umumiy indeksi; 101–150 daraja sezgir guruhlar uchun zararli, 151–200 esa barcha uchun zararli havo toifasi hisoblanadi va bu jiddiy signal. Bu paytda asosiy ifloslantiruvchi PM2.5 edi — ya’ni, o‘pkaga chuqur kirib borishi mumkin bo‘lgan juda mayda zarrachalar hisoblanadi. Ayrim nuqtalarda PM2.5 miqdori 59,7–67 mikrogramm/metr-kub gacha yetgan. Bunday daraja nafas yo‘llarini ta’sirlantirishi, yurak va o‘pka bilan bog‘liq muammolarni kuchaytirishi mumkin, ayniqsa bolalar, keksalar va surunkali kasalligi borlar uchun. (Manba: 6-oktabr, 07:40 atrofida olingan IQAir skrinshotlari; IQAir monitoringi.)
Xo‘sh, Toshkent havosini bu darajaga nima olib kelyapti?
Bu savolga bitta sabab bilan javob berish qiyin. Jahon banki tadqiqotida PM2.5 ifloslanishida shamol bilan ko‘chadigan chang, binolarni isitish, transport va sanoat kabi bir nechta yirik manbalar qayd etilgan. Demak, havoning “qizarishi” ham birgina issiqxona yoki bitta tarmoq bilan izohlanmaydi. Boshqa omillar esa chetda qolib ketayotgandek...

Havo nega “qizaryapti”?
Bu savolga javob izlaganda eng muhim manbalardan biri — Jahon banki va O‘zbekiston Ekologiya vazirligi hamkorligida tayyorlangan Toshkent havosi bo‘yicha tadqiqotga tayanamiz.
Unda Toshkentdagi yillik o‘rtacha PM2.5 ifloslanishining asosiy manbalari sifatida shamol bilan ko‘chadigan chang — 36 foiz, binolarni isitish — 28 foiz, transport — 16 foiz, sanoat — 13 foiz deb baholangan. Qolgan qismi shahar changi va chiqindilarni yoqish hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mutaxassislarga ko‘ra, bu yerda bir muhim jihat bor: bu raqamlar kim qancha ko‘mir yoqdi, degan hisob emas, havodagi PM2.5 konsentratsiyasiga turli manbalarning hissasini modellashtirish natijasidir. Manbadan chiqarilgan tashlama bilan uning havodagi yakuniy konsentratsiyasi bir xil narsa emas — bunga shamol, harorat, chiqindi manbasining joylashuvi va boshqa omillar ta’sir qiladi. Qisqasi, Toshkent havosining muammosini bitta manbaga bog‘lab qo‘yish ilmiy jihatdan ham to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Issiqxonalarda ekologik qoidabuzarliklar bo‘lgani haqiqat. Xususan, 2025-yilda Toshkent shahri va viloyatida tekshirilgan 103 ta issiqxonaning 70 tasida nostandart qozonxonalar, 24 tasida filtrlar yo‘qligi aniqlangan. Shu tekshiruvning o‘zida 209 ta sanoat ob’ekti ham o‘rganilib, 108 tasida filtrlar mavjud emasligi, 29 tasida esa me’yordan ortiq tashlamalar qayd etilgan. Ya’ni, issiqxonalar muammo ekanini inkor etib bo‘lmaydi. Shuning uchun davlat ularga nisbatan cheklovlar joriy qildi. 2026-yil 1-avgustdan Toshkent shahri va unga tutash ayrim tumanlarda issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatildi. Ko‘mir, shina, bitum va boshqa zararli materiallarni yoqish orqali atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari 20 baravar oshirildi.
Ammo asosiy savol shunda: bu choralardan keyin havo qanchalik tozalandi?
Chunki issiqxonalarga nisbatan talabni kuchaytirishning o‘zi hali havo muammosi hal bo‘ldi, degani emas.
Issiqxonachi — avvalo, oziq-ovqat yetishtiruvchi tadbirkor. Agar uning havo ifloslanishidagi haqiqiy ulushi aniq hisoblab chiqilmagan bo‘lsa, unga tushayotgan yuklamani boshqa yirik manbalar bilan solishtirmasdan baholash adolatli ham, samarali ham bo‘lmaydi.

Shu tariqa savol tug‘iladi: issiqxonalarga e’tibor kuchaygan bir paytda, havoni ifloslantirishda kattaroq ulushga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan isitish tizimlari, transport, sanoat, energetika, qurilish va yo‘l changi soyada qolib ketmayaptimi?
18-sentabr kuni Toshkentda havo ifloslanishi qisqa vaqt ichida keskin oshgan. Soat 22:00 da shahar bo‘yicha PM2.5 o‘rtacha 74,5 mikrogramm/metr-kub, PM10 esa 243,6 mikrogramm/metr-kubni tashkil etgan. Ayrim hududlarda PM10 555,3 mikrogramm/metr-kubgacha chiqqan. Ekologiya qo‘mitasi bu holatda yirik chang zarrachalari keskin ko‘payganini qayd etgan.
Yana bir e’tiborli holat: 2–3-oktabr kunlari “Green University” hududidan olingan namunalar laboratoriyada tahlil qilinganda PM2.5 zarrachalarining 67 foizi mineral va tuproq changi, 25 foizi esa sanoat va energetikadagi yonish jarayonlari bilan bog‘liq ekani aniqlangan. PM10 tarkibida mineral va tuproq changi ulushi esa 80 foizga yetgan.
Demak, havo ifloslanishi manbalari bir nechta va ularning ulushi vaziyatga qarab o‘zgarib turadi. Shunday ekan, issiqxonani “aybdor” qilib qo‘yish osondir, ehtimol... Ammo qolgan manbalar qayerda?
“Toza havo”: vazifa qo‘yilgan, natija-chi?
Eng muhimi, bu muammo davlat uchun yangi emas. 2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarni 10,5 foizga kamaytirish, I va II toifadagi korxonalarda avtomatik monitoring va chang-gaz tozalash uskunalarini joriy etish, sanoat tashlamalarini ushlab qolish ulushini 32 foizga yetkazish, PM2.5 me’yorlaridan oshadigan kunlar sonini kamaytirish hamda transport chiqindilarini 10 foizga qisqartirish vazifalari belgilangan.
Bu juda muhim. Chunki hukumatning o‘zi ham muammoni faqat issiqxonalarda emas, balki sanoat, transport, isitish, energetika va boshqa sohalarda ko‘rayotganini anglatadi. Qolaversa, 2026-yil 2-oktabrda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ekologiya qo‘mitasi Toshkentda 554 ta korxona inventarizatsiya qilingani, 1 - va 2 - toifadagi sanoat ob’ektlarida 459 ta avtomatik monitoring stansiyasi o‘rnatilgani, 280 mingdan ortiq transport vositasi ekologik nazoratdan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Qo‘mita hisobotiga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan 21-sentabrgacha Toshkentda PM2.5 o‘rtacha konsentratsiyasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga kamaygan, yaxshi havo kunlari esa 81 kundan 147 kunga ko‘paygan. Bu ham e’tiborga loyiq natija. Ammo shu bilan birga, 18-sentabrdagi 555,3 mikrogramm/metr-kub PM10, 2–3-oktabrdagi inversiya va 6-oktabr ertalabki yuqori ko‘rsatkichlar bizga yana bir narsani uqtirmoqda: o‘rtacha ko‘rsatkich yaxshilanishi hali muammo tugadi, degani emas.
Sog‘liqni saqlash vazirligi nima qilyapti?
Havo sifati ekologik masala, lekin uning oxirgi “hisob-kitobi” inson salomatligida ko‘rinadi. Jahon banki hisob-kitobiga ko‘ra, Toshkentda PM2.5 ta’siri bilan bog‘liq havo ifloslanishining inson salomatligi va iqtisodiyotga yillik zarari 488,4 million dollarga, ya’ni O‘zbekiston YAIMining 0,7 foiziga teng bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotda PM2.5 ta’siri bilan bog‘liq muddatidan oldingi o‘limlarning asosiy sabablari orasida insult, yurak ishemik kasalligi va quyi nafas yo‘llari infeksiyalari qayd etilgan.

Shu sababli SSV uchun ham savol oddiy: havo ifloslangan kunlarda aholi salomatligida nima o‘zgaryapti? Nafas yo‘llari kasalliklari bo‘yicha murojaatlar, tez tibbiy yordam chaqiruvlari, shifoxonaga yotqizishlar va xavf guruhlaridagi holatlar havo monitoringi bilan birga tahlil qilinmoqdami? Bu ma’lumotlar ekologik qarorlar uchun ham kerak. Chunki havoni tozalashning maqsadi faqat monitoringdagi raqamni yashil rangga qaytarish emas — odamning sog‘ligini himoya qilishdan ham iborat bo‘lishi shart.
Aybdor faqat issiqxonalarmi?
Issiqxonalarda qoidabuzarlik bo‘lsa, albatta, chora ko‘rilishi kerak. Bu murosasiz. Ammo Toshkent havosida isitish, transport, sanoat va shamol bilan keladigan changning ham katta ulushi borligini rasmiy va xalqaro tadqiqotlar ko‘rsatib turibdi. Shuning uchun issiqxonalarni hadeb turtkilayverish bilan ish bitmaydi. Aksincha, faqat bitta manbaga e’tiborni jamlash boshqa manbalarni soyada qoldirib qo‘yishi mumkin. Amalda ham shunday bo‘layotgandek.
Davlat o‘z oldiga qo‘yilgan “Toza havo” vazifalari ham aynan zanjirli mexanizm asosida kompleks yondashuvni talab qiladi. Ya’ni, sanoat nazoratda, transport nazoratda, isitish nazoratda, qurilish nazoratda, chang nazoratda bo‘lishi kerak. Aholiga esa “havo iflos” degan xabarning o‘zi emas, uni kim, qancha va qanday ifloslantirayotgani hamda buni kamaytirish uchun nima choralar ko‘rilayotgani qiziq.

Shu o‘rinda, Ekologiya qo‘mitasiga muhim savollar bor:
1. Issiqxonalarga nisbatan 2026-yil 1-avgustdan joriy etilgan cheklovlardan keyin Toshkentda PM2.5 va PM10 ko‘rsatkichlari qanchaga o‘zgardi? Cheklov natijalari raqamlar asosida qayerda e’lon qilindi?
2. Jahon banki tadqiqotida isitish — 28 foiz, transport — 16 foiz, sanoat — 13 foiz ulush bilan ko‘rsatilgan. 2026-yilda bu manbalarning hozirgi ulushi qayta hisoblandimi va qaysi manba bugun Toshkent havosiga eng katta ta’sir ko‘rsatmoqda?
Sog‘liqni saqlash vazirligiga:
PM2.5 va PM10 yuqori bo‘lgan kunlarda nafas yo‘llari hamda yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha murojaatlar, tez yordam chaqiruvlari va shifoxonaga yotqizishlar tahlil qilinyaptimi? Havo monitoringi va tibbiy statistika bir tizimda solishtirilyaptimi? Natijasi bo‘yicha qanday samarali ishlar amalga oshirilmoqda?
Muhimi, bu muammo borasida gap ketganda kimni jazoladik emas, havoni qancha tozaladik, degan savol va unga javob bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki “Toza havo”ning vazifasi ham issiqxonani topish emas, havoni tozalashdan iborat edi.
Keyin, agar havo ifloslanishi sog‘liq uchun xavfli darajaga yetsa, aholining eng zaif qatlamlari bo‘lgan bolalar, keksalar, homiladorlar va surunkali kasalligi bor bemorlarni himoya qilish bo‘yicha SSV qanday choralarini ishlab chiqqan?
Sababi, aynan sog‘liq ma’lumotlarini muntazam kuzatish, yig‘ish, kasalliklar bilan havo ifloslanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni monitoring qilish — salomatlik siyosatini yuritishda dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, oddiy formulasi bunday bo‘lishi kerak: Ekologiya qo‘mitasi havoning nima uchun ifloslanayotganini aniqlashi lozim. SSV esa bu ifloslanish odamlar salomatligiga qanday ta’sir qilayotganini raqamlar bilan ko‘rsatishi kerak. Modomiki, ikki tizim ma’lumotlari hamkorlik zanjiri asosida birlashmas ekan, muammoning haqiqiy ko‘lami to‘liq ko‘rinmaydi va hal qilinishi ham haminqadar.
Tasavvur qiling, ko‘p hollarda shifokor oldiga kelgan keksalar, allergik kasalliklari bor bemorlar, homilador ayollarga toza havoda ko‘proq bo‘lishlari tavsiya etiladi.
Ammo qani toza havo?
Shifokor albatta, bu savolingizga jilmayib, “endi bilmadim, toqqa chiqarsiz balki...”, degan javob bilan kifoyalanar? Ammo tog‘lar havosining narx-navosi aholining barcha qatlami cho‘ntagiga mos keladimi?
Aslida bu savollarga javob izlashi kerak bo‘lgan yuqori tashkilotlar bor, ular bunga har tomonlama mas’ul va vakolatli. Ular bugun nimalar bilan band? Yuqoridagi savollar bo‘yicha izoh bera oladimi?
Mohichehra Eshmirzayeva,
O‘zA