Toshkent – global agrar muloqot markazida (+video)
Poytaxtimizda Xalqaro paxta kuni hamda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan anjuman davom etmoqda.
Globallashuv davrida iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi va logistika muammolari fonida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlarda agrosanoatning kelajagi va sohani kompleks transformatsiya qilish masalalari atroflicha muhokama qilinmoqda.
Paxtachilikka bag‘ishlangan sessiyalarda tuproq unumdorligini qayta tiklashga qaratilgan qishloq xo‘jaligi, biochar texnologiyalari va mahsulotlarni raqamli kuzatish tizimlarini joriy etish masalalari asosiy kun tartibidan o‘rin oldi.
Shuningdek, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan o‘lkalarda agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish va transport-logistika to‘siqlarini yengib o‘tish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston uchun bu yig‘in faqat mezbonlik emas, balki xalqaro tajribani o‘rganish va global muammolarga birgalikda yechim topish, ilg‘or yondashuvlarni milliy amaliyotga tatbiq etish hamda xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash uchun muhim muloqot maydonidir.
Fardona Yaxshiboyeva,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video),
O‘zA