Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi respublikada tengsiz
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bugungi kunda nafaqat ona tilimizni ilmiy o‘rganish, balki yuksak salohiyatli, milliy mafkuraga sodiq kadrlarni tayyorlash markaziga aylandi.
Universitetda yaratilgan o‘ziga xos ilmiy muhit talabalarning respublika miqyosidagi eng nufuzli tanlovlarda yuqori shohsupalarni egallashiga zamin yaratmoqda. Buxoroda bo‘lib o‘tgan navbatdagi taqdirlash marosimi mazkur ta’lim dargohining mamlakatimizdagi yetakchi mavqeini yana bir bor namoyish etdi.
Buxoro davlat universitetida oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlari talaba-o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan respublika ko‘rik-tanlovlari g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirda til va adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etgan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 3-bosqich talabasi Ra’no Abduhamidova “Til bilimdonlari” tanlovining faxrli 1-o‘riniga loyiq ko‘rildi. Shuningdek, universitetning 2-bosqich talabasi Sarvinoz Orifjonova “Kitobxon yoshlar ligasi'' yo‘nalishida faxrli o‘rinlardan birini egalladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tanlov yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ona tilimizga bo‘lgan hurmatni kuchaytirish hamda iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadini ko‘zlaydi. Ra’no Abduhamidova o‘zbek tilining nazariy va amaliy jihatlarini mukammal o‘zlashtirgani bilan hakamlar hay’ati e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
– "Til bilimdonlari" tanlovidagi g‘alabam — universitetimizdagi boy ilmiy muhit va ustozlarimning bergan beqiyos saboqlari natijasidir, — deydi respublika tanlovi g‘olibi Ra’no Abduhamidova. — Bu yutuq nafaqat mening, balki ona tilimizni e’zozlovchi butun jamoamizning yutug‘idir. Maqsadim — tilimizning sofligini saqlash va uni raqamli texnologiyalar davrida dunyoga tanitishga hissa qo‘shish.
[gallery-27531]
Ushbu g‘alaba Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ta’lim va tarbiya jarayoni naqadar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganining amaliy ifodasidir. Marosim yakunida g‘oliblarga vazirlikning maxsus diplomlari va pul mukofotlari tantanali topshirildi. Ishonchimiz komilki, universitet devorlari ichida kamol topayotgan bunday bilimli yoshlar kelajakda o‘zbek tili va adabiyotini yangi bosqichga olib chiqadi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA