O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyatida ta’lim tizimi samaradorligini oshirish va ilmiy tadqiqotlarning amaliyot bilan integratsiyasini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Toshkent arxitektura-qurilish universitetining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilandi. Bular:
a) dual ta’lim shaklini to‘liq joriy qilish orqali ta’lim jarayonlarining amaliyot bilan integratsiyasini ta’minlash;
b) 2029 yilda dunyoning nufuzli Quacquarelli Symonds (QS) va Times Higher Education (THE) tashkilotlari reytinglarida sohalar bo‘yicha birinchi 1000 talik ro‘yxatdagi oliy ta’lim tashkilotlari qatoriga kirish;
v) o‘quv va boshqaruv jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish;
g) ilmiy salohiyatni eksport qilish doirasida 2028 yil yakuniga qadar Universitet brendini shakllantirib, xorijiy davlatlardan kamida 1 000 nafar talabani jalb qilish;
d) 2026/2027 o‘quv yiliga qadar ta’lim jarayonlarini tashkil etish, laboratoriyalarni jihozlash va ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun kamida 10 million dollar miqdorida investitsiyalar jalb qilishdan iborat.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Toshkent arxitektura-qurilish universitetida o‘qitishning dual ta’lim shakli joriy etiladi.
Dual ta’lim dasturi kredit-modul tamoyili asosida bakalavriat bosqichining:
a) birinchi kurs talabalari uchun - ta’lim dasturlarining 60 foizi (nazariy qismlari) auditoriyalarda, 40 foizi (amaliyot qismi) qurilish sanoati korxonalarida;
b) ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalari uchun - ta’lim dasturlarining 40 foizi (nazariy qismlari) auditoriyalarda, 60 foizi (amaliyot qismi) qurilish sanoati korxonalarida o‘tkaziladi.
Universitetga qurilish sanoati korxonalarida kafedralar filiallarini tashkil etish va ta’lim dasturlarining nazariy qismini ishlab chiqarish jarayoni orqali o‘qitishga ruxsat etiladi.
Talabalarga dars berish uchun amaliyotda faoliyat yuritayotgan tegishli yo‘nalishlardagi tajribali mutaxassislar Universitet kafedralari va ularning filiallariga jalb qilinadi.
Tegishli qurilish sanoati korxonalari faoliyatidagi dolzarb masalalarga oid talabalarning kurs loyihalari, bitiruv malakaviy ishlari va diplom loyihalari, magistrant va doktorantlarning dissertatsiyalari ushbu tashkilotlar vakillari ishtirokida muhokama qilinadi.
Universitet kafedralarining professor-o‘qituvchilari o‘quv reja va dasturlarini qurilish sanoati korxonalari mutaxassislari bilan birgalikda doimiy takomillashtirib boradi.
O‘zA