Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tajriba-sinov tariqasida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi.
Oliy maktab faoliyati Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari andozasi asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Oliy maktab Universitetning yuridik shaxs maqomiga ega davlat muassasasi shaklidagi tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
Ta’lim jarayoni Buyuk Britaniyaning 3-8-ta’lim darajalariga muvofiq dastlabki bosqichda Norzambria (Northumbria) va Xertfordshir (Hertfordshire) universitetlari, keyinchalik QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (The Times Higher Education) xalqaro reyting tashkilotlari global reytingining top-300 talik ro‘yxatiga kiruvchi boshqa hamkor oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan tan olinadigan dasturlar asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Oliy maktab va boshqa hamkor oliy ta’lim tashkilotlarida amalga oshiriladigan ta’lim dasturlari "El-yurt umidi" jamg‘armasi dasturlari doirasida stipendiatlar uchun ta’limning dastlabki bosqichini O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirish, keyingi bosqichlarini Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarning yetakchi hamkor oliy ta’lim tashkilotlarida uzluksiz davom ettirish imkoniyatini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi.
Maktabni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkiloti va Oliy maktabning O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplomi beriladi.
Oliy maktabning oliy boshqaruv organi Kuzatuv kengashi hisoblanadi, uning tarkibiga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Boshqaruv samaradorligi agentligi, Markaz, Universitet va xorijiy hamkor ta’lim tashkilotlari hamda yirik kompaniya vakillari kiritiladi.
Kuzatuv kengashi tarkibi Oliy maktab direktori taklifiga asosan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Quyidagilar Kuzatuv kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Oliy maktabga talabalarni qabul qilish parametrlarini, undagi ta’lim shakli va tilini, shuningdek, talabalarni qabul qilish va o‘qitish tartibini belgilash;
Oliy maktabda yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura va doktorantura mutaxassisliklarini ochish;
Oliy maktab rahbariyati va xodimlari hamda professor-o‘qituvchilarini ishga qabul qilish tartibini belgilash, shuningdek, ularning faoliyatiga baho berish, ular faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) tasdiqlash;
Oliy maktabni rivojlantirishning o‘rta va uzoq muddatli strategik rejalarini tasdiqlash;
o‘quv jarayoniga yetakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etish, Oliy maktab xodimlarining ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorini belgilash;
Oliy maktabning o‘rta muddat uchun shakllantiriladigan biznes-rejasi hamda daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash, ularning ijrosini muhokama qilish.
Oliy maktabning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
Buyuk Britaniyaning ilg‘or tajribasi asosida oliy ta’lim tizimini takomillashtirish hamda respublika iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha uchun malakali kadrlar tayyorlash;
Markaz tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha uchun ishlab chiqilgan integratsiyalashgan ta’lim dasturlari asosida o‘quv jarayonini yo‘lga qo‘yish;
oliy ta’lim tashkilotlarining buyurtmalari asosida professor-o‘qituvchilar hamda tegishli mutaxassislar uchun Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarning metodologiyasiga muvofiq malaka oshirish kurslarini tashkil etish.
O‘zA