To‘rt nafar go‘dak onasining bag‘riga qaytdi
Oilaviy kelishmovchiliklar ba’zida eng nozik jihatlarga, xususan, farzandidan ayrilgan ota-onalarning qalbiga og‘ir jarohat yetkazadi. Ayniqsa, go‘daklaridan tiriklayin ayrilib, ularning hijronida yonib yurgan onalarning dardi cheksiz. Ana shunday murakkab va taqdirlar kesishgan holatlardan birida qonuniylik hamda insonparvarlik tamoyillari ustun keldi.
Xonqa tumanida yashovchi fuqaro Sh.S. oilaviy kelishmovchilik sababli turmush o‘rtog‘i S.M.ning uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Biroq u voyaga yetmagan to‘rt nafar farzandini o‘zi bilan olib keta olmagach, haqli ravishda sudga murojaat qilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, javobgar S.M.ning tarbiyasida bo‘lib kelgan voyaga yetmagan farzandlar — 2015-yilda tug‘ilgan M.A., 2017-yilda tug‘ilgan M.A., 2020-yilda tug‘ilgan M.H. va 2022-yilda tug‘ilgan M.M.ni onasi Sh.S. tarbiyasiga olib berish belgilangan edi. Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosining Xonqa tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushib, darhol ijro harakatlariga kirishilgan.
Byuro tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari jarayonida javobgar S.M. voyaga yetmagan 4 nafar farzandini onasiga ixtiyoriy ravishda topshirishi yuzasidan qonuniy tartibda ogohlantirilgan.
Biroq, ota farzandlarini onasiga berishdan bosh tortgan. Shu sababli, MIB Xonqa tumani bo‘limi davlat ijrochisi X.Ischanov tomonidan joriy yilning 2-oktabr kuni mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va xolislar ishtirokida choralari ko‘rildi. Natijada 4 nafar voyaga yetmagan bolalarning onasi bag‘riga qaytishi, ya’ni uning tarbiyasiga olib berilishi to‘liq ta’minlandi.
Hamroz Bayonov,O‘zA