Qarzdorlikni undirish maqsadida mikroavtobus xatlandi
Qarzdorlik holatlarini bartaraf etish, undiruv bilan bog‘liq sud qarorlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida Majburiy ijro byurosi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy ijro choralari qo‘llanilmoqda.
Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2026-yil 16-iyuldagi ijro varaqasiga asosan, qarzdor S.M.dan undiruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat foydasiga 334 million 371 ming 743 so‘m undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati 2026-yil 27-avgust kuni Majburiy ijro byurosining Sergeli tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Biroq, qarzdorga qarzni ixtiyoriy ravishda to‘lash uchun berilgan muddat davomida majburiyat bajarilmagani sababli, qarzdorlikni majburiy tartibda undirish choralari ko‘rilgan.
Qarzdorlikni undirish jarayonida Majburiy ijro byurosi davlat ijrochisi Sh.Yaxshilikov tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli mikroavtobus xatlanib, belgilangan tartibda jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Ayni paytda qarzdorlikni qoplash maqsadida xatlangan avtotransport vositasini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Ushbu choralardan ko‘zlangan maqsad — sud hujjati ijrosini ta’minlash, undiruvchining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda mavjud qarzdorlikni qonuniy tartibda qoplashdan iborat.
Hamroz Bayonov, O‘zA