Tomorqasini pistazorga aylantirayotgan oila
Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi Qoqaydi mahallasida yashaydigan Alyor Abduhamidov tomorqasida parvarishlanayotgan xandon pista oilaning qo‘shimcha daromad manbaiga aylanmoqda.
Mo‘’jazgina tomorqadan oqilona foydalanishda mahalladoshlariga o‘rnak bo‘layotgan Oysara Vohidova olti yil muqaddam turmush o‘rtog‘i bilan olti sotix yerga yaxshi niyatda pista ko‘chatini ekdi. Mehnatsevar, sabru qanoatli xonadonning sohibu sohibasi pista ko‘chatlari sekin ulg‘ayib, 5-6 yilda hosilga kirishini bilsa-da, nihollarni mehr bilan parvarishladi. Qator oralariga ishlov berdi. Mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirib, zararkunanda va kasalliklardan himoya qildi. Ko‘chatlarning tezroq rivojlanishi uchun uning pastki shoxlarini kesib, asosiy tanaga e’tibor qaratdi.
Tomorqani pistazorga aylantirayotgan oilada o‘tgan yildan ko‘p emas, 40 tup pista daraxti hosilga kirgan. Uning meva berayotgani oila a’zolarini ulug‘vor maqsad va yangi g‘oyalar sari yetaklayotir.
– Bizdan tomorqamizda pista yetishtirish istagi paydo bo‘lganini eshitgan tanish-bilishlarimiz bu daraxtdan hosil olishni ko‘p yillar kutish kerakligini aytdi, – deydi Oysara Vohidova. – Lekin ko‘chatlarni ekib, uning meva berishini sabr bilan kutdik. Har bir ko‘chatni farzandimizdek parvarishladik. Mana, o‘sha biz kutgan yil kelib, mehnatimiz samarasini ko‘ryapmiz. Endi pistaning mahalliy iqlimga moslashgan yanada hosildor navlarini ko‘paytirib, ko‘chatchilikni ham rivojlantiryapmiz.

Mutaxassislar pistani qurg‘oqchilikka chidamli, serdaromad daraxt sifatida ta’riflaydi. Таркибиda 40-60 foiz yog‘, 15-20 foiz oqsil, 3-4 foiz qand, mikro va makro elementlar, temir, mis, marganets, fosfor, yod, kalsiy, ruh, uglevodlar, mineral tuzlar, turli vitaminlar borligini aytadi. Uning qon tarkibi va jigarni yaxshilashi, yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishining oldini olishi, o‘pka saratoni xavfini kamaytirishi, immunitetni oshirib, xotirani mustahkamlashi aniqlangan. Yurtimizda pistaning xushta’m mevasidan qandolatchilikda, daraxtidan duradgorlikda foydalaniladi. Ko‘chati urug‘idan va payvandlash usuli bilan ko‘paytiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida pista ekib, parvarishlash boshlanganiga qariyb to‘qson yil bo‘lmoqda. Ilk pista ko‘chatlari “Bobotog‘” davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida ekilib, ko‘paytirilgan. Ayni paytda ham tog‘lar qo‘ynidagi pistazorlardan mo‘l hosil olinadi. Keyingi yillarda mamlakatimizda tomorqani daromad manbaiga aylantirishga qaratilayotgan e’tibor dehqon xo‘jaliklari va tomorqalarda ham pista yetishtirishga qiziqish paydo qildi. Qoqaydilik tomorqadorning sohadagi tajribasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
– Pista hosilga kirgan dastlabki yilda har bir daraxtdan o‘rtacha 4-5 kilodan hosil oldik, – deydi tomorqa egasi Alyor Abduhamidov. – Lekin, bu yilgi hosil cho‘g‘i o‘tgan yilgidan andak pastroqqa o‘xshaydi. Biz buni tabiiy hol, deb o‘ylayapmiz. Hosildorlikni yanada oshirish va pista yetishtirish tajribamizni kengaytirish yo‘lidagi izlanishlarni davom ettiryapmiz. Shu maqsadda seleksiya ishlarini olib borib, hosildor navlarni payvand qilyapmiz. Hozir tomorqamizning bir qismida iqlimimizga moslashgan ming tupdan ortiq pista ko‘chatini parvarishlayapmiz.
Aslida pistaning yana bir xususiyati u bir yil mo‘l, ikkinchi yil kamroq hosil tugadi. 15-20 yillik pista daraxti o‘rtacha 10-12 kilogrammdan hosil berishi mumkin. Sug‘orilgan maydonlarga ekilgan madaniylashgan pista bundan ham ko‘proq meva tugishi kuzatilgan. Sohaning shu kabi siru-sinoatini chuqur o‘rgangan tomorqador oila kelgusida pistadan ko‘proq hosil olish va ko‘chatchilikni rivojlantirish orqali qo‘shimcha daromad topishni ko‘zda tutmoqda.
Sayyoramizda obi-hayot taqchillashib borayotgan bir paytda suvsizlikka chidamli pista yetishtirishda to‘plagan tajribasini mahalladoshlari bilan baham ko‘rib, ko‘chat bilan ta’minlashni mo‘ljallamoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda qishloq odamlarining tomorqadan oqilona foydalanib, o‘z daromad manbaini yaratishi va to‘kin turmush kechirishi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri