Soliq huquqbuzarliklar haqida xabarchilarga jami 16,6 milliard so‘m mukofot puli to‘langan
O‘zbekistonda soliq intizomini mustahkamlash va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishda aholining faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada “Soliq” mobil ilovasidagi “Soliq hamkor” tizimi samarali jamoatchilik nazorati mexanizmi sifatida xizmat qilmoqda.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yilning yanvar-may oylari davomida mazkur tizim orqali soliq huquqbuzarliklari haqida jami 54 684 ta murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarning asosiy qismi iste’molchilarga xarid cheki berilmasligi bilan bog‘liq bo‘lib, bunday holatlar soni 44 961 tani tashkil etgan. Shuningdek, 1 844 ta murojaat to‘lovlarni plastik karta orqali qabul qilmaslik holatlariga, 121 ta murojaat esa plastik kartadan foydalanganlik uchun tovar yoki xizmat narxini sun’iy ravishda oshirish holatlariga tegishli bo‘lgan. Qolgan 7 758 ta murojaat boshqa turdagi soliq huquqbuzarliklari bo‘yicha yuborilgan.
Tahlillarga ko‘ra, kelib tushgan murojaatlarning 15 599 tasi takroriy bo‘lgani yoki mazkur tadbirkorlik sub’ekti bo‘yicha tekshiruv jarayoni allaqachon olib borilayotgani sababli ko‘rib chiqilmagan.
Murojaatlar asosida 34 317 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. E’tiborli jihati shundaki, tekshiruvlarning 99,5 foizida huquqbuzarlik holatlari tasdiqlangan. Bu esa aholi tomonidan yuborilayotgan murojaatlarning aksariyati asosli ekanini ko‘rsatadi.
Fuqarolarning faolligi rag‘batlantirilmoqda. Huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarga 25 912 ta holat bo‘yicha, undirilgan jarima mablag‘ining 20 foizi miqdorida, jami 16,6 milliard so‘m mukofot puli to‘langan.
Qayd etilishicha, raqamli texnologiyalar orqali jamoatchilik nazoratining kuchayishi soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, halol raqobat muhitini shakllantirish hamda davlat byudjeti daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, xarid cheki berish madaniyatini shakllantirish va naqdsiz to‘lovlarni kengaytirish borasida “Soliq hamkor” tizimining ahamiyati ortib bormoqda.
Bugungi kunda har bir fuqaro soliq qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyatiga ega. Statistik ma’lumotlar esa mazkur mexanizm nafaqat huquqbuzarliklarni aniqlash, balki tadbirkorlik sub’ektlarining mas’uliyatini oshirishda ham muhim omilga aylanayotganini ko‘rsatmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA