To‘lovga qobiliyatsizlikka oid qonunchilikni qo‘llashda yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi
2026-yil 6-may kuni “To‘lovga qobiliyatsizlik institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilingan.
Mazkur hujjat tadbirkorlik faoliyatini barqaror rivojlantirish, sudgacha sanatsiya amaliyotini kengaytirish, iqtisodiy jihatdan hayotiy muhim korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida zamonaviy, shaffof va raqamlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy etish hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Farmon asosida 2026-yil 1-iyundan boshlab to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish bo‘yicha sudyalar ixtisoslashtirildi. Ushbu toifadagi ishlar tadbirkorlik sub’ektlari, kreditorlar, xodimlar hamda ishbilarmonlik muhiti manfaatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois mazkur ishlarni ko‘rishda sud amaliyotining bir xilligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Oliy sudda to‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sudyalar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida shu haqda fikr almashildi. Osiyo taraqqiyot banki va Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy sud vakillari, hududiy sudlar sudyalari va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Davra suhbati ixtisoslashtirilgan sudyalar o‘rtasida professional muloqotni yo‘lga qo‘yish, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llashda yuzaga kelayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish va ularni hal etish bo‘yicha yagona yondashuvlarni ishlab chiqishga qaratildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar sud amaliyotida uchrayotgan muammoli holatlar va ularning yechimlari, qarzdorni sog‘lomlashtirish va tugatish tartib-taomillarini qo‘llash xususiyatlari, kreditorlar va qarzdor manfaatlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlash, to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi xorijiy tajriba va xalqaro standartlar haqida mulohazalarini bildirdi.
Xalqaro ekspertlar xorijiy mamlakatlar tajribasi, ushbu sohada samaradorligini isbotlagan mexanizmlar va ularni milliy amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.

Tadbirda O‘zbekistonda sud-huquq tizimini rivojlantirish, sudyalar malakasini oshirish va to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Osiyo taraqqiyot banki hamda Konrad Adenauer jamg‘armasiga minnatdorlik bildirildi. Xalqaro sheriklar bilan izchil hamkorlik amalga oshirilayotgan islohotlarning barqarorligi va samaradorligini ta’minlashda muhim omil ekani qayd etildi.
Muhokama natijalari bo‘yicha bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, sud amaliyotini takomillashtirishda inobatga olinishi ma’lum qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA