“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi qonunga sharh tayyorlandi
"O‘zbekiston Respublikasining «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi qonuniga sharh" kitobi taqdimoti va jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi.
Unda Oliy sud, davlat organlari, sudyalar hamjamiyati, huquqshunos olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari va to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi mutaxassislar ishtirok etdi.
Oliy sud, Osiyo taraqqiyot banki va Konrad Adenauer jamg‘armasi hamkorligida tayyorlangan, 820 sahifadan iborat mazkur nashr davlatimiz rahbari tomonidan 2022-yil 12-aprelda imzolangan qonunning barcha 17 bobini qamrab olgan. Har bir moddaning mazmun-mohiyati, huquqiy maqsadi, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan o‘zaro bog‘liqligi va sud amaliyotida qo‘llanilishi batafsil yoritilgan.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudova sudlar to‘lovga qobiliyatsizlikka oid ishlarni ko‘rishda nafaqat buzilgan huquqlarni tiklashi, balki tavakkalchilikka ko‘ra salbiy moliyaviy holatga tushib qolgan fuqaro yoki tadbirkorga yordam ko‘rsatishini ta’kidladi. Ularning biznes olami va iqtisodiy muomala muhitiga qayta integratsiya qilinishiga zarur huquqiy sharoitni yaratadi.

Milliy qonunchilikni takomillashtirish, sud amaliyotida huquqiy aniqlikni ta’minlash va to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlarni samarali ko‘rib chiqishda mazkur nashrning ahamiyati beqiyos. Ushbu sharh qonun normalarini amaliyotda to‘g‘ri va bir xil qo‘llash, huquqiy aniqlikni ta’minlash, sud qarorlarining sifati va barqarorligini oshirishga munosib hissa qo‘shadi.
Tadbirda sharhni tayyorlashda ishtirok etgan milliy va xorijiy mualliflar, shuningdek, sudyalar hamda soha mutaxassislari kitobning asosiy mazmuni va ilmiy-amaliy ahamiyatini atroflicha yoritib berdi. Qonun normalarini to‘g‘ri talqin qilish, ularni amaliyotda qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari, sudlarda yuzaga keladigan murakkab huquqiy masalalar va ularning yechimlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Sharhda milliy qonunchilik, sud amaliyoti, huquqiy doktrina va xalqaro tajribaning o‘zaro uyg‘unlashtirilgani, har bir moddaning huquqiy mazmuni va uni qo‘llash bilan bog‘liq masalalar tizimli tahlil qilingani qayd etildi. Xorijiy ekspertlar ishtirokida xalqaro tajribaning qamrab olinishi esa milliy huquqiy tartib-taomillarni xalqaro yondashuvlar bilan qiyosiy o‘rganish va kelgusidagi islohotlar uchun muhim xulosalar chiqarish imkonini berishi ta’kidlandi.
«Sud nazorati va samarali to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari» mavzusiga bag‘ishlangan sessiyada to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlarni qo‘zg‘atish va sudda ko‘rib chiqishning huquqiy asoslari, arizalarni qabul qilish mezonlari, protsessual kafolatlar, shaffoflik talablari hamda sudlarning adolatli, samarali va huquqiy jihatdan oldindan bashorat qilinadigan qarorlar qabul qilishdagi roli muhokama qidildi.
Ikkinchi sessiyada O‘zbekistonda to‘lovga qobiliyatsizlik institutini isloh qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, to‘lov qobiliyatini tiklash, sudgacha sanatsiya, sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv, kelishuv bitimlari va jismoniy shaxslarning to‘lovga qobiliyatsizligiga oid tartib-taomillar muhokama qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA