Tog‘u toshlarni oralab o‘tgan yo‘llarda tepadan pastga yumalab tushayotgan kichik tosh ham katta tosh ko‘chkilarini hosil qilishi mumkin. Bu esa mudhish oqibatlarga olib kelishi tabiiy.
Bunday xavflarning oldini olish maqsadida Qashqadaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik F.Mirzayev boshchiligida daxldor idora vakillari ishtirokida Dehqonobod tumanining 5 ta va Qamashi tumanining 2 ta hududidagi xavfli geologik jarayonlar yuz berishi mumkin bo‘lgan manzillarda o‘rganish ishlari olib borildi.

Mazkur jarayonda mas’ullar tomonidan ushbu xavfli hududlarda joylashgan aholi va ijtimoiy soha ob’ektlari haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritish, bahor-yoz mavsumida sel-toshqin hamda ko‘chki xavfi mavjud bo‘lgan hududlarida zarur himoya ishlarini amalga oshirish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.


Xususan, Dehqonobod tumanidagi geologik jarayonlar yuz berishi mumkin bo‘lgan manzillarda muammolarni bartaraf etish ishlari boshlab yuborildi. Bunda maxsus texnikalar yordamida xavfli turgan harsang toshlar maydalangan holda olib tashlanmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri