Deputatlar geologiya sohasidagi masalalar bilan tanishdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zolari Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda uning tizim tashkilotlarida bo‘lib, yer osti suv resurslarini muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Suv resurslarini asrab-avaylash, yer qa’ridan va foydali qazilmalardan oqilona foydalanish, geologiya sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish dolzarb bo‘lib borayotgan bugungi kunda yer osti suvlari zaxiralarini saqlash, ularning kamayishi va ifloslanishining oldini olish, suv resurslaridan foydalanishda qonuniylikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
Muloqot chog‘ida ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan sa’y-harakatlar, sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi. Parlament nazorati samaradorligini oshirish hamda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbir davomida qo‘mitaning Samarqand va Navoiy viloyatlari misolida yer osti suvlaridan foydalanish holati yuzasidan o‘tkazgan nazorat-tahlil tadbirlari natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar ham ko‘rib chiqildi.
Qo‘mita a’zolari Yer qa’ridan foydalanish markazi, Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, “O‘zbekgidrogeologiya” davlat muassasasi hamda GIDROINGEO instituti faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Yer qa’ri uchastkalarini auksionga chiqarish, ruxsatnomalar berish, nazorat mexanizmlari, yer osti suvlari monitoringi, gidrogeologik ma’lumotlarni raqamlashtirish va ilmiy-tadqiqot ishlari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv doirasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
M.Komilova, O‘zA