Tog‘ turizmi sohasidagi hamkorlik yangi bosqichda
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi "Amirsoy Resort" tog‘ kurortida Turkiy tog‘-chang‘i kurortlari ittifoqining II sammiti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xalqaro anjumanda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va Turkiya kabi davlatlardan rasmiy delegatsiyalar, yirik tog‘-chang‘i kurortlari rahbarlari hamda turizm sohasi vakillari ishtirok etdi. Sammit “Cho‘qqilardan farovonlik sari: Turkiy davlatlarda tog‘-chang‘i kurortlarini birgalikda rivojlantirish va ularni jahon turizmiga integratsiya qilish” mavzusiga bag‘ishlandi.

Tadbirda turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklikni mustahkamlash, yil davomida faoliyat yurituvchi turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish, sohadagi ilg‘or boshqaruv tajribalarini ommalashtirish va ekologik barqaror texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, turkiy davlatlarning tog‘ kurortlarini xalqaro turizm bozorida yagona brend sifatida ilgari surish yuzasidan fikr almashildi.

Shu bilan birga, Turkiy tog‘-chang‘i kurortlari ittifoqining Bosh assambleyasi yig‘ilishi va sohaviy panel sessiyalari tashkil etildi. Ularda Turkiy tog‘-chang‘i kurortlari ittifoqi raisi Rustam Nadjafov, “Amirsoy Resort” bosh direktori Rustamjon Raimjonov, shuningdek, Qozog‘istonning “Shymbulak” va “Oi-Qaragai”, Ozarbayjonning “Shahdag”, Turkiyaning “Uludag” hamda “Erciyes” tog‘ kurortlari rahbarlari ma’ruza qildi.
Jarayonda Turkiy tog‘-chang‘i kurortlari ittifoqining rasmiy veb-portali ham taqdim etildi. Ushbu raqamli platforma hududlardagi tog‘ kurortlari haqida yagona axborot maydonini shakllantirish, sayyohlar uchun qulay xizmatlarni bir joyda jamlash va hududning turistik salohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan.

Sammit yakunida ishtirokchilar turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma turistik mahsulotlarni rivojlantirish va tog‘ kurortlarining xalqaro hamkorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan kelishuvlarga erishdi.
A.Musayev, O‘zA.