Turizm sohasida yangi hamkorlik bosqichi
Mamlakatimizda turizm sohasini jadal rivojlantirish, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro sayyohlik almashinuvini kengaytirish va xalqlar o‘rtasidagi yaqinlikni kuchaytirish bugungi tashqi siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Shu ma’noda, O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari o‘rtasida joriy yilning 11-aprel kuni Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv muhim ahamiyat kasb etdi. Oliy darajadagi muloqot davomida savdo-iqtisodiy hamkorlik bilan bir qatorda, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirish yuzasidan ham qator kelishuvlarga erishildi.

Mazkur kelishuvlar qisqa vaqt ichida amaliy natijalarni bera boshladi. Jumladan, joriy yilning 25–26-aprel kunlari Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati delegatsiyasining “Ayg‘aq” teleradiokompaniyasi vakillari bilan birgalikda Buxoro viloyatiga tashrifi tashkil etildi.

Tashrif davomida mehmonlar Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror me’moriy obidalari va keng turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Delegatsiya a’zolari muqaddas qadamjolardan biri bo‘lgan Bahovuddin Naqshband majmuasi, asrlar shohidi sanalgan Ark qal’asi, ulkan tarixiy ahamiyatga ega Poyi Kalon, sharqona muhit va go‘zallikni o‘zida mujassam etgan Labi Hovuz majmuasi hamda hunarmandchilik markazlarini katta qiziqish va havas bilan tomosha qildi.

Bunday tashriflar ommaviy axborot vositalari ishtirokida tashkil etilayotgani ham muhim ahamiyatga ega. Zero, media vakillari orqali Buxoroning turistik salohiyati yanada keng auditoriyaga yetkaziladi, tarixiy shaharning jozibasi qo‘shni mamlakat aholisiga targ‘ib etiladi.
Ma’lumki, Buxoro azaldan sivilizatsiyalar chorrahasi, ilm-fan va madaniyat markazi sifatida jahon ahlini o‘ziga jalb qilib kelgan. Bugungi kunda esa shaharda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari, zamonaviy mehmonxona va servis xizmatlari, qulay infratuzilma uning turistik imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.
Turkiston viloyati delegatsiyasining Buxoroga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarining amaliy ifodasi bo‘ldi. Eng muhimi, Buxoroning xalqaro turistik markaz sifatidagi nufuzi yanada yuksalishiga mustahkam zamin yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.