Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi uch yo‘nalishda e’tirof etildi
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi doirasida bir vaqtning o‘zida uchta nominatsiya bo‘yicha hukumat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil 22-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda dastur g‘oliblari e’lon qilingan. Vazirlik integratsiyalashgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, resurslarni boshqarish va optimallashtirish hamda inson kapitalini boshqarish yo‘nalishlarida e’tirof etilgan.
2022-yilda tashkil etilgan vazirlik uchun ushbu natija qisqa muddatda amalga oshirilgan institutsional islohotlarning amaliy bahosi bo‘ldi. Shu davrda geologik qidiruvdan tortib qazib olish, qayta ishlash va mahalliylashtirish jarayonlari yagona tizimga birlashtirilib, boshqaruv va rejalashtirishda yangi yondashuv joriy etildi.
Strategik rejalarga ko‘ra, 2023-2030-yillarda geologik qidiruv hududlari 60 ming kvadrat kilometrga kengaytiriladi, mahalliylashtirish hajmi 2 milliard dollarga yetkaziladi hamda tarmoq korxonalari to‘liq raqamlashtiriladi. Bu jarayonda yirik korxonalar ham muhim o‘rin tutmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinati yiliga 98,2 tonna oltin va 23,6 tonna kumush, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati esa 148,5 ming tonna mis, 20,3 tonna oltin va 161,6 tonna kumush ishlab chiqarmoqda.
Resurslarni boshqarish va optimallashtirish yo‘nalishida ham sezilarli natijalar qayd etilgan. Sanoat aktivlarining 100 foizi qayta foydalanishga yo‘naltirilgan, geologik qidiruv ishlarida suv sarfi 20 foizga kamaytirilgan. Sun’iy intellekt asosida tannarx 15 foizga, energiya iste’moli esa 12 foizga qisqargan. Shuningdek, GIS texnologiyalari hisobiga qidiruv aniqligi 25 foizga oshgan.
Tarmoqda 36 mingdan ortiq raqamlashtirilgan hisobot va 47 ming ekspluatatsion quduq ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan Milliy geologik axborot ombori shakllantirilgan. U hozirda tahlil va qaror qabul qilish jarayonlarining asosiy manbasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2025-yil yakunlarida tarmoqqa jalb qilingan investitsiyalar hajmi 2,55 milliard dollarga yetgan (reja 111,5 foiz), eksport 1,71 milliard dollar (106,6 foiz)ni tashkil etgan. Qazib olish hajmi esa 44,8 trillion so‘mdan 49,1 trillion so‘mgacha o‘sgan. Shu bilan birga, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida 350 dan ortiq yangi ko‘nikmalar joriy etilgan, 10 nafar mutaxassis yuqori lavozimlarga ko‘tarilgan, 253 nafar xodim davlat mukofotlari va faxriy unvonlar bilan taqdirlangan.
E’tiborlisi, ushbu e’tirof vazirlikda joriy etilgan zamonaviy boshqaruv tizimi, raqamli yondashuv va samaradorlikka yo‘naltirilgan islohotlarning amaliy natijasini ko‘rsatadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA